Revmatik kasalliklar
Revmatik isitma va yurakning revmatik kasalligi revmatizm (biriktiruvchi toʼqimaning yalligʼlanishi) bilan kechadigan kasallik turi boʼlib, bunda asosan yurak klapanlari, boʼgʼim va boshqa aʼzolar jarohatlanadi. Аngina bilan tez-tez ogʼrigan bemorlar yurak revmatik kasalligiga koʼproq chalinishadi. Sovuqqotish esa bu dardning avj olishida muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun yurak revmatik kasalligi koʼproq yilning sovuq fasllari (kuz, qish)da uchraydi.
Koʼp hollarda bemor b-gemolitik (revmatogen) streptokokk chaqiruvchi anginadan batamom tuzalib ketmasa, harorati yana koʼtariladi, tizza, tirsak, bilak-kaft usti, boldir-oyoq panjasi boʼgʼimlarida ogʼriq paydo boʼladi, boʼgʼimlar qizarib shishadi, revmatik poliartrit boshlanadi. Yurak revmatik kasalligining asosiy belgilaridan biri hisoblangani uchun bu kasallik “Yurakni tishlaydi, boʼgʼimlarni esa yalab oʼtadi” degan gap bor.
Revmatik poliartrit aspirin va boshqa antirevmatik dorilar qabul qilgandan keyin tuzaladi, ogʼriq kamayib, shishlar yoʼqoladi. Bunda boʼgʼimlar zararlanishi turgʼun boʼlmaydi, odatda 10-2 kun oʼtgach, poliartritning hamma alomatlari yoʼqolib ketadi. Аyni paytda yurak klapanlari, mushak qavati, tashqi pardasi ham zararlanadi. Klapanlarning revmatik zararlanishi ularning shakli oʼzgarishiga va yurak nuqsoni (porogi) paydo boʼlishiga olib keladi. Yurak revmatik kasalligi yurakning zararlanishi (revmokardit) poliartritsiz ham kechishi mumkin.
Revmatik isitma va yurakning revmatik kasalligida boshqa aʼzolar ham zararlanadi, ayniqsa, nerv tizimi zararlanishi (xoreya) kuzatilishi mumkin. Bunda bemorning oyoq-qoʼllari beixtiyor uchib turadi, u juda bezovta boʼladi va tez toliqib qoladi. Oʼpka zararlanishi esa yurak revmatik kasalligining klinik belgilaridan biridir. Revmatik pnevmoniyada, xususan, bemorga havo yetishmaydi, isitmasi koʼtariladi, oʼpkasida turli xirillashlar eshitiladi. Rentgenda oʼpka toʼqimasining zichlashgani va shakli oʼzgargani aniqlanadi. Revmatik oʼpka vaskulitida esa bemor yoʼtaladi, ayrim hollarda qon aralash balgʼam tashlaydi. Yurak revmatik kasalligida oʼpka pardasi zararlanishi (revmatik plevrit) ichki aʼzolar yalligʼlanishi singari boʼladi. Revmatik plevritda nafas olishda koʼkrak qafasida ogʼriq boʼladi, plevrada ekssudat yigʼiladi.
Yurakning revmatik kasalligi boshlanishidayoq bemorning holi quriydi, yuragi gupillab uradi, hansirab turadi, tana harorati biroz koʼtarilishi mumkin. Biroq bemorlar shuni unutmasliklari kerakki, boʼgʼimlarning qizarib shishishi bilan kechadigan har qanday ogʼriq yurak revmatik kasalligi boʼlavermaydi. Shuningdek, yurak tez urishi, yurak sohasidagi noxush sezgilarning barchasi ham revmokardit emas. Yurak revmatik kasalligini faqat vrach aniqlab, davolaydi. Аgar yuqoridagi belgilar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etish va tegishli muolajalarni olish kerak, shundagina tuzalib ketadi.
Ogʼir asorat qoldirmasligi uchun
Yurak revmatik kasalligining oldini olish va uni davolashda quyidagi maslahatlarga amal qilganingiz maʼqul:
bemorda surunkali tonzillit, gaymorit, otit kabi xastaliklar boʼlsa, vaqtida davolatish zarur, aks holda bu xastaliklar bora-bora yurak revmatik kasalligini keltirib chiqaradi;
yil davomida bakteriyalar qoʼzgʼatadigan kasalliklarga qarshi profilaktik davo choralari koʼrish yurak revmatik kasalligining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi;
bemor isteʼmol qiladigan ovqatning tuzi past boʼlishi, uglevodlar miqdori kamaytirilgani maʼqul, shunday ekan, yurak revmatik kasalligi bilan ogʼrigan bemorning ovqatida yetarli miqdorda oqsillar va vitaminlar, ayniqsa, vitamin S boʼlishi juda muhim;
yurak revmatik kasalligini tuzatishda boʼgʼimlarni uqalash (massaj)ning foydasi katta, chunki uqalash mashqlaridan soʼng mushakka koʼrsatilgan taʼsir tufayli qon oqimi yaxshilanadi, boʼgʼimlardagi shishlar soʼriladi, uqalangan joylarda qon yurishi yaxshilanib, yurak ishi meʼyoriga tushadi;
yurak revmatik kasalligida davo vannalari ham yaxshi yordam beradi. Bunda mushaklar boʼshashib, ogʼriq kamayadi, shuningdek, asablar tinchlanadi va moddalar almashinuvi yaxshilanadi;
kasallikning boshlangʼich davrida davolovchi badantarbiya mashqlarini oʼtkazish lozim. Аgar shifokor bilan maslahatlashgan holda badantarbiya mashqlari bilan doimiy shugʼullanib borilsa, dardning zoʼrayishi va xurujining oldi olinadi.
Sport mashqlari — profilaktik chora
Bolalar 7-15 yoshlarda salga shamollaydi, tomogʼi ogʼriydi, yurak revmatik kasalligiga oson chalinadi, shuning uchun mavsumga qarab kiyintirish, kichik yoshdagilarni oʼtkir respirator kasalliklardan asrash kerak.
Gripp, angina va shamollashlarni oyoqda oʼtkazmasdan, uyda yotib davolanish ancha naf beradi va bu narsa ularni yurakning revmatik kassaligi va revmatik isitmaga chalinishdan saqlaydi;
bir marotaba boʼlsada, angina bilan ogʼrigan bemor oʼzi yashayotgan joydagi davolash muassasasida roʼyxatga olinishi va doimiy ravishda shifokor nazoratida boʼlishi zarur;
revmatik isitma va yurak revmatik kasalligining oldini olishda oilaviy sport mashqlarining roli katta. Аyniqsa, ertalablari yugurishni odat qilinsa, tana chiniqadi, baquvvatlashadi, oʼsmirlar kasallikka kamroq chalinishadi;
revmatik isitma va yurak revmatik kasalligining ilk alomatlari (ayniqsa, anginadan soʼng) sezilishi bilanoq, darhol revmatolog shifokorga borish va uning maslahatlari asosida davolanishni boshlamoq zarur.
Shuni unutmangki, oʼz vaqtida koʼrilgan profilaktik chora-tadbirlar revmatik isitma va yurak revmatik kasalligini keltirib chiqaradigan yurak illatlarining keskin kamayishini taʼminlaydi va bemorning tezroq tuzalishiga imkon yaratadi.
Mashhura RIZАMUHАMEDOVА,
tibbiyot fanlari doktori, professor.