Qiziloʼngach oʼsmalari: oldini olish muhim

Qiziloʼngach oʼsmalari tabiatiga koʼra xavfli va xavfsiz boʼladi. Xavfsiz oʼsmalar tevaragidagi sogʼlom toʼqimalardan aniq chegaralanib turadi, tananing boshqa aʼzolariga tarqalmaydi. Xavfli oʼsma esa tezroq oʼsadi, keyin yon-atrofdagi toʼqimalarga kirib borib, ularni yemiradi. Natijada sogʼlom aʼzoda oʼsma koʼpayib, metastaz beradi.


Аslida qiziloʼngach sohasida xirurgik muolaja talab etuvchi ogʼir kasalliklar koʼpincha shilliq qavatning shikastlanishi tufayli kelib chiqadi. Masalan, ovqatni va choyni qaynoqligicha ichish, spirtli ichimliklarga berilib ketish va qalampirni koʼp yeyish natijasida qiziloʼngach devori yalligʼlanadi. Oʼsha joyda mayda chandiqlar hosil boʼladi.

Shoshib ovqatlanish yoki quruq yeguliklarni yaxshi chaynamasdan yutish ham qiziloʼngachning shilliq qavatlarini shikastlantirishi mumkin. Natijada shilliq qavatda turli oʼsmalar yuzaga keladi. Bular epitelial oʼsmalar hisoblanib, asosan poliplar, biriktiruvchi toʼqimadan tashkil topgan fibroma, fibrolipomalar, tomir toʼqimasidan kelib chiqqan gemangiomalar, nerv toʼqimasidan paydo boʼlgan neyrofibromalar, mushak toʼqimasidan yuzaga kelgan leyomiomalardir.


Qiziloʼngachning yirik xavfsiz oʼsmalari traxeo-bronxial shoxni bosib qoʼyishi va oqibatda oʼpkaning yalligʼlanish kasalliklari rivojlanishini keltirib chiqarishi mumkin. Koʼpincha qiziloʼngach devoridan tashqarida oʼsayotgan oʼsmaning ezib qoʼyishi natijasida traxeya, bronxlar, nervlar, yurak va koʼkrak oraligʼidagi boshqa aʼzolar ishida buzilishlar roʼy beradi. Masalan, nafas qisishi, yoʼtal yuzaga kelishi, yurak tez urishi va koʼkrak sohasida ogʼriqlar boʼlishi kuzatiladi.

Baʼzi hollarda qiziloʼngach oʼsmalari ustidagi shilliq pardada nekroz, yalligʼlanish va yaralar hosil boʼlishi ham mumkin. Davolanmagan xavfsiz oʼsmalar vaqt oʼtishi bilan xavfli oʼsmaga aylanishi ehtimoldan xoli emas.

Rentgenologik va ezofagoskopik tekshiruvlar asosida qiziloʼngach oʼsmalariga tashxis qoʼyiladi. Oʼsma oʼz vaqtida aniqlanib bemor bekamu koʼst davolansa tuzalib ketadi. Oʼsma tanaga tarqalib ketgan hollarda nur terapiya yoki kimyoviy dorilar bilan maxsus davolash choralari koʼriladi.

Umuman, qiziloʼngach oʼsmalarining oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish zarur:

ovqatlarni qaynoqligida yemang, aksincha iliq holida isteʼmol qiling;

taomni yaxshilab chaynang, ovqatlanayotgan paytingizda chalgʼimang, gaplashmang, shoshilmang, aks holda qiziloʼngachga havo ketib,luqma oʼtishi qiyinlashadi;

bir kunda 4-5 mahal oz-ozdan ovqatlaning;

oʼta achchiq va oʼta nordon ovqatlarni koʼp isteʼmol qilishdan saqlaning;

gazlangan suv va sharbatlarni koʼp ichmang;

yogʼli taomlarni iloji boricha kamroq yeng;

spirtli ichimliklarga ruju qoʼymang.

Ovqatlangandan keyin jigʼildon qaynashi va kekirish muntazam roʼy bersa yoki qiziloʼngach sohasida turli xildagi ogʼriqlar kuzatilsa mutaxassis shifokorga murojaat qilib, zarur tekshiruvlardan oʼtish lozim.

Shodiyor SOLIEV,

shoshilinch tez tibbiy yordam shifokori,

oliy toifali jarroh,

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani.