Keksalarda bosh miya faoliyatining buzilishi

SАBАBLАRI. Bosh miyaning rivojlanib boruvchi kasalligi sifatida namoyon boʼladigan distsirkulyator entsefalopatiyaga quyidagi omillar sabab boʼladi:

xafaqon (gipertoniya) kasalligi;

qandli diabet;

qonda xolesterin ortishi natijasida yuzaga keluvchi ateroskleroz;

kashandalik;

semirib ketish;

kamharakatlilik (gipodinamiya).

RIVOJLАNIShI. Kasallik tufayli bosh miya qon tomirlari torayadi, qon oʼtadigan tomirlar devorlarida oʼzgarishlar vujudga keladi. Shuningdek, mayda qon tomirlar shikastlanadi, miya toʼqimasi hujayralari yetarlicha kislorod va zarur moddalar bilan taʼminlanmaydi, miyada surunkali qon aylanishi yetishmovchiligi vujudga keladi.



Keksa kishilarda roʼy beradigan distsirkulyator entsefalopatiyani koʼpincha nevroz yoki nevrasteniya bilan adashtiradilar. Аslida esa entsefalopatiya endi boshlanib kelayotganda muolaja olinmasa, dard kuchayib ketib, keyingi bosqichlarga oʼtishi tezlashadi.

АNIQLАSh. Xastalikni aniqlashda quyidagi tekshiruvlar yordam beradi:

ulьtratovush;

ekstra va intrakranial tomirlar dopplerografiyasi;

dupleks skanerlash usulida braxio-tsefal ekstrakranial magistral arteriyalar holatiga baho berish;

EEG;

qon koagulogrammasi;

xolesterin va lipid spektrini aniqlash; elektrokardiografiya;

kompьyuter tomografiyasi.

DАVOLАSh. Entsefalopatiyaga tashxis qoʼyilgandan soʼng zarur davo choralari qoʼllanilishi lozim. Аks holda kasallik zoʼrayib ketib, ogʼir asoratlar kelib chiqadi. Masalan, bosh miyada qon aylanishining oʼtkir buzilishi, yaʼni insulьtlar vujudga kelishi ham mumkin.

Bemorga dori-darmonlar buyuriladi. Davolanayotgan davrda mehnat qilish va dam olish sharoitini tartibga solish, zararli odatlardan voz kechish, tamaki chekmaslik, spirtli ichimliklar ichmaslik, sogʼlom turmush tarziga amal qilish ham naf beradi.

Bemor asabini buzmasligi, gʼam-tashvishlardan oʼzini asrashi kerak.

OLDINI OLISh. Bosh miya faoliyatining ishini doim ragʼbatlantirib turish kasallik profilaktikasi uchun zarur. Chunki sogʼlom turmush tarziga amal qilinmagan hollarda toʼqimalar bioenergetikasi buziladi, qonda xolesterin triglitserinlar koʼpayib, lipid modda almashinuvi izdan chiqadi. Ichki tanosil bezlari, mushaklar, nerv toʼqimasi ishi susayib, miyaning funktsional qobiliyati pasayadi.

Miya faoliyatini yaxshilash uchun avvalo erkin radikallarni yoʼqotish lozim. Chunki erkin radikallar organizmni qaritadi, ular moddalar almashinuv jarayonida kislorodning zaharli hosilalarini ishlab chiqaradi, natijada oksidlanish reaktsiyalari roʼy beradi va sogʼlom hujayralar zararlanadi.

Demak, erkin radikallarning kushandasi boʼlmish vitamin А, Ye, S ga boy oziq-ovqat mahsulotlarini koʼproq isteʼmol qilgan maʼqul.

Keksalikda bosh miya faoliyati yomonlashishining oldini olish maqsadida turli qiziqarli mashgʼulotlar bilan shugʼullanib borgan maʼqul.

Koʼp kitob oʼqish (sevimli mavzular, sarguzasht yoki tarixiy asarlar), krossvordlar yechish, qiziq seriallar tomosha qilish (serial koʼrayotganda kishini oʼzga xalqlar hayoti, turli goʼzal manzaralar, tarixiy obidalar zavqlantiradi) va shu kabi qiziqarli mashgʼulotlar miya hujayralari – neyronlari faoliyatini faollashtiradi.

Nigora TOʼLАGАNOVА,

shifokor.