Goʼdak hayotida kun tartibi alohida ahamiyatga ega, chunki bu jarayon unda dastlab shartli va keyinchalik shartsiz reflekslarni vujudga keltiradi. Uyqusi, uygʼoqligi, emizish va choʼmiltirish amallarining maʼlum tartibda ketma-ket bajarilishi tufayli chaqaloqning kun tartibi oqilona taqsimlanadi.
Olimlarning ilmiy izlanishlari natijasiga koʼra, dunyoga kelgan chaqaloq dastlabki 2 soat mobaynida, ayniqsa dastlabki 30 daqiqa ichida ilk marta emizilsa, uning immun tizimi yuqori darajada boʼlar ekan. Shuningdek bu hol goʼdakda yuqumli kasalliklarga moyillikni 2-3martaga kamaytiradi. Keyinchalik uchinchi, beshinchi, oltinchi hafta mobaynida, yaʼni qirq kunlik chilla davrida bola bir kecha-kunduz 20 soatgacha uxlashi taqozo qilinadi. Bu borada aytish joizki, Yevropa mamlakatlarida chilla davri 14 kunni, Rossiyada esa 28 kunni tashkil etadi.
Uxlashga sarf etilgan soatlardan qolgan vaqt goʼdakni emizish, uygʼoq boʼlish va choʼmiltirish jarayonlariga sarf etiladi. Bu davrda bola kunduzi har 3 soatda 7 marta, kechasi esa 6 soatdan soʼng emiziladi. Onaning koʼkrak bezlari emizishdan avval qaynatilgan iliq suv bilan yuvilib, toza sochiq bilan artiladi.
Bolani chilla davrida ilk bor choʼmiltirish uning “kindigi tushib”, yaraning oʼrni tuzalgach bajariladi. Muolajani boshlashdan avval uni choʼmiltirishga moʼljallangan idish (togʼora)ni issiq suvda sovunlab yuvish va undan keyin qaynoq suv bilan chayish maʼqul. Goʼdak terisi nozik boʼlganligi sababli ular uchun maxsus ishlab chiqarilgan bolalar sovunidan foydalanish maqsadga muvofiq. Togʼora iliq, yaʼni harorati +36-37 daraja boʼlgan suv bilan toʼldiriladi. Shundan soʼng bolani ehtiyotlik bilan koʼtarib, suvga tushiriladi va yumshoq mochalka bilan badani, qoʼl-oyoqlari ishqalab, yuviladi. Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshdagi bolani choʼmiltirishga moʼljallangan togʼorani boshqa maqsadlarda, jumladan katta yoshdagi bolalarni choʼmiltirish yoki kir yuvishga ishlatmaslik kerak.
Bolaning ichi kelganidan soʼng albatta tanosil aʼzolarini iliq qaynagan suv bilan yuvish tavsiya etiladi. U 2-3 oylik boʼlganida bir kecha-kunduzlik uyqusi kech soat 18-30 dan to ertalabki soat 6 gacha davom etishi lozim. Bu davrda bolani bir kecha-kunduzi har 3,5 soatdan soʼng 6 marta emizish kerak. Choʼmiltirish muolajalari har kuni, ayniqsa emizishdan oldin amalga oshirilgani maʼqul.
Goʼdak 5-6 oyga toʼlgach, uni kunduzi 90 daqiqadan 3 marta, kechasi esa soat 20.00 dan to ertalab soat 6.00 gacha uxlatish tavsiya etiladi. Bu oylarda bolani bir kecha-kunduzi har 4 soatdan soʼng emizish kerak.
Bola 8-12 oyga toʼlgach, uni kunduzi 90 daqiqadan uxlatish kerak. Uning kechasidagi uyqusi 20-00 dan to ertalabki soat 6-00 gacha davom etadi. Bu davrda bolani kunduz paytida har 4 soatu 30 daqiqadan soʼng 4 marta emiziladi. U 1-1,5 yashar boʼlgunicha esa kunduz kunlari 90 daqiqadan 2 marta, kechasi esa 10 soatgacha uxlatiladi.
Tavsiyalar oʼz vaqtida bekamu-koʼst amalga oshirilsa, bola odatiy kun tartibiga moslashib, salomatligi yuqori darajada boʼladi.