«Qabziyat uzoq vaqt (uch kun va undan ortiq) ich kelmasligidir. Ba’zan qorin bo‘shlig‘i a’zolarining yallig‘lanishi, o‘tkir yuqumli kasalliklar, markaziy asab tizimining xastalanishi, kuchli yurak og‘riqlari, jigar bilan bog‘liq dardlarda ham ich qotadi. Qabziyat maʼlum bir kasallikka aloqador bo‘lmasdan turib ham rivojlanadi.
Masalan, o‘z vaqtida xojatga bormaslik, to‘g‘ri ichak shilliq pardalarining yallig‘lanishi, bavosil tugunlarining mavjudligi, iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari ichak tebranishini (peristaltikasini) yetarlicha ta’minlay olmasligi, bundan tashqari qo‘rg‘oshindan zaxarlanish, spirtli ichimliklar ichish, narkotik moddalarni iste’mol qilish ham qabziyatni keltirib chiqaradi» – deydi professor Farhod Dautov «Sihat salomatlik» jurnalida chop etilgan maqolasida.
Qabziyat bo‘lganda odam o‘zini noxush sezadi, qorni og‘irlashib ketganday tuyulib, simillab og‘riydi, ishtaxasi bo‘g‘iladi, og‘zi bemaza bo‘ladi, boshida og‘riq turadi, eti uvushib uyqusi buziladi, asabiy bo‘lib qoladi. Kuzatishlarimizga ko‘ra kam ovqat iste’mol qiluvchi va ayniqsa ertalab nonushta qilmaydigan kishilar qabziyatga moyil bo‘lishadi.
Ich qotmasligi uchun odam oz-ozdan tez-tez ovqatlanishi lozim. Ovqatlanish vaqtida suyuqlik (choy, qahva) ichmagan ma’qul. Chunki bunda suyuqlik ajralib chiqqan oshqozon shirasining kuchini susaytiradi, natijada yeyilgan taom parchalanmay qoladi va ichaklarda yel to‘planadi, hazm jarayoni buzilib qabziyat yuzaga keladi.
Ovqat tarkibida suv ko‘pmi?
Ichak tonusining pasayishi, doimo bir xil ovqatlarni yeyish, ovqat tarkibida suv kam bo‘lishi, ho‘l meva va sabzavotlarni kam iste’mol qilish yo‘g‘on ichakning meyoriy faoliyati buzilishiga sabab bo‘lib, natijada ich yurishishi qiyinlashadi.
Bir qator endokrin buzilishlar (qalqonsimon bez, buyrak usti bezi va jinsiy bezlar faoliyati susayishi), ruhiy kasalliklar va nevrozlar ham qabziyat bilan kechishi aniqlangan. Qabziyatning ikkita turi mavjud.
Atonik qabziyat kamqonlik yoki ozib ketish oqibatida organizmning darmonsizlanib, ichak mushaklari zaiflashuvi natijasida kelib chiqadi. Kamharakat kishilar va muntazam bir xil ovqat yeydiganlar orasida ko‘proq uchraydi.
Spastik qabziyat ruhiy iztiroblar, ish paytida zaxarlanish, ko‘p chekish oqibatida ichak mushaklarining qisilishi (spazmi) natijasida kelib chiqadi. Qabziyatning bu turida ishtaxa yo‘qolishi, bosh og‘rishi, qorinda simillovchi og‘riq bo‘lishi kuzatiladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Qorin dam bo‘lishi (meteorizm) kasallikmi?
Qabziyat dardining oldini olish mumkin
Organizmni chiniqtirish, kundalik rejimni (mehnat, dam olish, uyquni) to‘g‘ri uyushtirish, vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilish, sabzavot va ko‘katlarni yeb turish, badantarbiya mashqlari bilan muntazam shug‘ullanish qabziyatning oldini oladi.
Atonik qabziyat bo‘lganda ko‘p harakat qilish, qora non, sabzavot va ho‘l mevalar, grechixa bo‘tqasi, sut-qatiq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Nahorda ichilgan bir stakan meva sharbati yoki yangi qatiq ham ich yurishishiga yordam beradi.
Spastik ich qotishida asablarni charchatmaslik, spirtli ichimliklardan voz kechish, achchiq va sho‘r taomlar hamda dorivorlarni kamroq iste’mol qilish lozim.
Kisel, kakao, qaxva, achchiq choy singari ichimliklar, shuningdek xurmo, anor, nok kabi mevalar ichni qotirib yuborishini unutmang. Mevalar – olxo‘ri, o‘rik, olcha (yoki ularning qoqisi), sabzavotlar – qovoq, karam, sholg‘om, sabzi, lavlagi (va ularning sharbatlari) ichning yurishishiga ko‘maklashadi.
Har kuni naxorda bir choy qoshiq toza asal iste’mol qilish qabziyatning oldini oluvchi muhim vositadir.
Ichni yumashtish uchun…
Surunkali qabziyat bezovta qiladigan kishilar olxo‘ri mevasi yoki suli (gerkules) donlari qaynatilgan suvni ichishlari lozim. Qirilgan turp suvi hamda iliq holdagi karam suvini ichish ham ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Sano barglari qadimdan buyon surgi sifatida ishlatib kelinadi. Qabziyat holatini bartaraf etish uchun sano barglaridan 10-15 gramm olib bir stakan qaynab turgan suvda bir soatcha damlanadi. So‘ng dokadan suzib olinadi va kechqurun uxlashdan oldin bir stakan ichiladi.
Qabziyatdan xalos bo‘lishda tog‘olcha damlamasi va undan tayyorlangan kompot yaxshi foyda beradi.
Sut va sut mahsulotlari ichni yumshatuvchi omillardan biridir. Agar kishi kuniga bir litrgacha sut ichsa uni ich qotishi bezovta qilmaydi.
Kanakunjut moyi (kastornoye maslo) ham eng yaxshi surgi o‘rniga o‘tadi. Katta yoshdagilar 15-30 gramm, bolalar 5-10 gramm (bir choyqoshiq) kanakunjut moyi ichishlari tavsiya etiladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Yoz. Jaziramadan himoyalaning!