«Сoсa-Сola” (inglizcha Kola kukuni) – yaxna ichimliklar ishlab chiqaradigan jahondagi yirik kompaniya. Markaziy boshqaruv idorasi AQShning Atlanta shahrida. Faoliyatini 1893 yildan boshlagan. Asoschisi shotlandiyalik A.Kendtler (ichimlikni 1886-yilda dorishunos Jon Pamberton Atlanta shahrida ixtiro qilgan). «Сoсa-Сola” Tovar belgisi – konturli shisha idish 1916-yil ro’yxatdan o’tkazilgan (1977-yil bu idish «Koka-Kola” kompaniyasining Tovar belgilaridan biri sifatida qayta ro’yxatdan o’tkazildi). 1920-yilda «Сoсa-Сola” ni idishga quyib sotish Yevropada birinchi bor Fransiyada amalga oshirildi. 1923-yilda yagona ishlab chiqarish standartlari, kukunni aralashtirish tartibi, shisha idishlarni joylash qoidalari joriy qilindi va ichimlik boshqa mamlakatlarga eksport qilina boshladi. 1958-yildan «Fanta”, 1961-yildan «Sprayt” ichimligi ishlab chiqarildi. 1977-yildan ichimlik 2 litrli plastik idishlarda savdoga chiqarildi. 1992-yildan «Diet coke” – shakar o’rniga shirinligi jihatdan uning o’rnini bosadigan modda ishlatila boshlandi. 1991-yil «Koka-Kola” Moskva shahrida o’z vakolatnomasini ochdi. «Сoсa-Сola” kompaniyasi 200 xildan ortiq ichimlik, masalan, «Fanta” ichimligining 70 xilini (limon, mandarin, greyfrut, kivi, qovun, tarvuz, mango va boshqa mevalar ta’mi, hidi bilan), 12 turdagi sharbatlar ishlab chiqaradi. Hozirgi davrda «Koka-Kola” Tovar belgisi dunyoda eng mashhur Tovar belgilaridan hisoblanadi. «Koka-Kola” dunyodagi 200 dan ortiq mamlakatda sotiladi. 1993-yilning oktyabr oyida O’zbekistonda «Сoсa-Сola Bottlers – O’zbekiston LTD” kompaniyasi tashkil qilindi. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish quvvatlari Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida, Xorazm viloyatida hamda Farg’ona vodiysida joylashtirilgan. Kompaniya «Сoсa-Сola” yetkazib bergan ichimlik kukunini (kukun retsepti sir saqlanadi) suvga aralashtirib, gazlashtirish, idishlarga quyish va ulgurji sotish bilan shug’ullanadi. Kompaniya «Сoсa-Сola”, «Fanta”, «Sprayt”, «Fiyesta” ichimliklarni ishlab chiqaradi. «Сoсa-Сola Bottlers – O’zbekiston LTD” kompaniyasida 1600 nafar xodim ishlaydi. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati bir yilda 360 million dona 1,5 litrli plastiklarda ichimliklar ishlab chiqarishni ta’minlaydi.