Zamonaviy hayotni internet tarmog’isiz tasavvur etish mumkin emas. Chek-chegarasiz ma’lumot olish imkonini beruvchi qidiruv tizimi, ming-minglab chaqirim naridagi yaqinlarimiz bilan bir zumda bog’lanish imkoniyati, axborotni masofadan turib uzatish va qabul qilish, yillab ko’rishmagan insonlarimizni izlab topish, elektron tarmoq orqali savdo-sotiq ishlarini amalga oshirish, mehnat faoliyatini osonlashtiradigan dasturlardan foydalanish, boringki, ismimizni oshkor qilmay, dardimizni to’kib-solish, yolg’izlikka barham berish… yana uzoq davom ettirish mumkin bu ro‘yxatni. Xullas, ana shu beminnat va bezabon vositaning «tavallud kuni” 2-sentyabr sanasiga to’g’ri kelar ekan. 1969-yil, kuzning ilk kunlari. AQShning Kaliforniya universitetiga yig’ilgan 20 chog’li tadqiqotchi ko’z ko’rib, quloq eshitmagan ajoyib mo’jizaning guvohi bo’ldilar: tarixda ilk bor ikki kompyuter uch metrli qalin kabel orqali bir-biri bilan muloqotga kirishadi – belgilangan ma’lumotni uzatadi…Joriy yil boshida dunyo bo’ylab internetdan foydalanuvchilar soni 2 milliarddan oshganligi e’lon qilindi. Statistik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, butunjahon «o’rgimchak ini”ga «ilinganlar”ning deyarli yarmini 25 yoshga to’lmaganlar, aynan shuncha qismini Osiyo davlatlari aholisi tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda 9 milliondan ziyod yurtdoshlarimiz ham internet bilan oshno bo’lib ulgurgan.