“t.me/tentakminds” telegram kanali bilan aloqada bo‘lgan hurmatli abituriyentlar, kanalning navbatdagi materialini o‘qib, unda bildirilgan fikrlar haqida Sizlarga quyidagi ba’zi ma’lumotlarni taqdim etmoqchimiz.
Hammaga ma’lumki, ayniqsa, test sinoviga qatnashgan barcha abituriyentlar yaxshi biladilar – 2010-yildan boshlab test sinovida ishlatiladigan test topshiriqlari kitoblari har bir abituriyent uchun alohida (individual) variant asosida tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘zgartirish jamoatchilikdagi aynan shu “X variant” kabi noto‘g‘ri tushunchaga qarshi kiritilgan edi. 10 yildirki, “X variant” o‘z ma’nosini yo‘qotib bo‘lgan. O‘ylab ko‘ring, agar test sinovida bir million abituriyent ishtirok etsa, “t.me/tentakminds” telegram kanali qayd etgan “X variant” ham shuncha bo‘lishini talab etadi. Bu yerda mantiq yo‘qoladi.
Oxirgi ikki yilda test sinovlari katta sig‘imli binolarda, hamma bir-birini nazorat qilgan holda, ota-onalarga jarayon bevosita, shuningdek, internet va televideniye orqali ko‘rsatilgan holda shaffof va xolis o‘tkazilmoqda.
Agar “t.me/tentakminds” telegram kanali rahbari yoki boshqa biror kishi “X variant”ni taqdim etgan shaxs bo‘yicha aniq fakt-dalili bo‘lsa, to‘g‘ri huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat etib, dalillarni topshirishini so‘raymiz. Shunda bu masala qonuniy va haqli yechimini topadi. Aks holda, aniq dalilsiz ma’lumotlar, oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan yoshlarimizning ruhiyatiga, jiddiy tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda juda ko‘plab mish-mishlarga sabab bo‘ladi. Bu borada ham qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanganligini unutmasligimiz kerak.
Hurmatli abituriyentlar! Test sinovlariga fanlar bo‘yicha darsliklar hamda 2019-yil chop etilgan “Test topshiriqlari to‘plami” asosida tayyorgarlik ko‘ring.
Endi 5 ta fanning qisqartirilishi to‘g‘risida. Ma’lumki, joriy yilda yurtimizga koronavirus infeksiyasi kirib keldi. Uning tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini himoya qilish maqsadida mart oyidan boshlab, butun mamlakat bo‘yicha vaqtincha karantin cheklovlari o‘rnatildi. Bu aholining odatdagi hayot tarziga o‘zgartirish kiritdi. Jumladan, soliqlar, kreditlarni to‘lash, muddati tugayotgan hujjatlar muddatini uzaytirish, suv, elektr va gaz bo‘yicha to‘lovlar va boshqa bir qator ijtimoiy sohalarda davlatimiz rahbari xalqimizga bir qancha yengilliklar va qulayliklar yaratib bermoqda.
Koronavirus pandemiyasi sharoitidagi karantin abituriyentlarimizning o‘qishga kirish tayyorgarligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ana shunday cheklovlar davrida abituriyentlarimiz o‘zlari xohlaganlaridek tayyorgarlik ko‘ra olmadilar. Bu nafaqat abituriyentlarga, balki o‘quvchi, talabalarga ham tegishli holat. Ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limga o‘tildi, joriy imtihonlar, bitiruv ishlarini himoyasi ham masofadan amalga oshiriladigan bo‘lib turibdi. Bunaqa paytda ularga yordam berish, yengilliklar yaratish, faqat bitiruvchilar uchun emas, balki abituriyentlar uchun ham foydalidir.
Bu yil abituriyentlarning uyidan chiqmagan holda ro‘yxatdan o‘tishini tashkil etish, test topshiriqlarini soddalashtirish, kirish test sinovlarini sodda shaklda va qisqa vaqt ichida o‘tkazish kabi yengilliklar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Albatta, bu ishlarimiz oliy ta’limning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.
Joriy yilning 30-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hamda abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020-2021-o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan edi.
Alohida ta’kidlash kerakki, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bu bejizga emas, albatta. Shuning uchun ham mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kv.m joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.
Qayd etilgan ushbu jarayon ham karantin cheklovlari butunlay olib tashlangandan so‘ng amalga oshiriladi.
2020-2021-o‘quv yilida o‘tkaziladigan test sinovlari haqida