Farzand ko‘rish uchun eng qulay davr 20-35 yoshlar oralig‘idir. Yosh qirqqa yaqinlashganda esa ayol organizmidagi turli hastaliklar va jinsiy o‘zgarishlar tug‘ilajak bolaning sog‘lom bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, yoshi qirqdan oshgan ayolning tuxumdoni avvalgidek to‘la quvvat bilan ishlamaydi, undagi urug‘ hujayralar soni oldingiga nisbatan kamayadi. Ayniqsa, erta klimaks (30-35 yoshlar)da tuxumdondagi urug‘ hujayralar soni butkul kamayib, ayol hayz ko‘rmay qo‘yishi mumkin. Agar ayolda bunday jarayonlar kuzatilmasa, u har jihatdan sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, 40-50 yoshda ham homilador bo‘lishi va eson-omon ko‘zi yorishi mumkin. Afsuski, bunday holatlar juda kam uchraydi.
O‘zingizni asrang!
40-50 yoshlar oralig‘ida ayrim ayollar semirib ketadi, ba’zilari esa haddan ortiq oza boshlaydi. Bundan tashqari, ayollarda ahyon-ahyonda qon kelishi (gipomenstrual sindrom), bir necha kun to‘xtamay ko‘p qon kelishi (menorragiya), hayzning og‘riqli kechishi (algomenoreya), hayz qonidan tashqari bachadondan ham qon ketishi (metrorragiya) ro‘y beradi. Ayniqsa, amenoreya (olti oy va undan ko‘proq hayz ko‘rmaslik) 40 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida ro‘y beradi.
Agar ayol umr bo‘yi hayz ko‘rmagan bo‘lsa, birlamchi, oldin hayz ko‘rib yurgan bo‘lsa-yu, ma’lum vaqtdan so‘ng hayz kelishi butunlay to‘xtab qolsa, ikkilamchi amenoreya kuzatiladi. Fiziologik amenoreya aynan klimakteriya davrining boshlanishida ro‘y bersa, patologik amenoreya esa organizmning zaharlanishi, abort, bachadonga yot va boshqa eritmalar quyish yoki moddalar almashinuvining izdan chiqishi oqibatida sodir bo‘ladi. Ba’zan hayz kelishi bilan bog‘liq kasalliklar (asosan, amenoreya)da et uvishishi, badanni sovuq ter qoplashi, quloq shang‘illashi va holsizlik kuzatiladi.
40 yoshdan keyin farzand ko‘rishni istaganlar uchun…
Homiladorlikdan oldin…
Ayol 40 yoshdan osha borgani sayin uning organizmida bir qancha kasalliklar surunkali turga o‘tib ulguradi. Masalan, yurak-qon tomir kasalliklari (gipertoniya, revmatizm asoratlari), bronxial astma, buyrak, peshob yo‘li yallig‘lanishlari, xoletsistit, qalqonsimon bez xastaliklari, jinsiy a’zolardagi o‘zgarishlar (tuxumdon kistasi, ikki tomonlama adneksit, bachadon miomasi, neyrogormonal buzilishlar) kuzatiladi. Bunday vaqtda ayol homilador bo‘lsa, tug‘ruq asoratli o‘tadi. Ekstragenital kasalliklardan to‘la tuzalmagan homilador ayolning qornidagi bolasida turli xil dardlarga nasliy moyillik yuzaga keladi. Shu bois homiladorlikni rejalashtira yotib, salomatligingizga jiddiy e’tibor bering.
ЎҚИНГ: 35 yoshdan keyingi homiladorik xavflimi?