“Homiladormanmi yoki yo‘qmi?” degan savolga javobni iloji boricha tezroq olishni istaymiz. Zavq bilan homiladorlik taqvimini o‘qishga kirishishdan avval oydinlik kiritish uchun homiladorlik testini qachon o‘tkazgan ma’qulligini bilib olishimiz kerak.
Har qanday dorixonada sotiladigan uyda foydalaniladigan homiladorlik testlari nafaqat narxi, balki testni o‘tkazish usuli, asosiysi esa, sezuvchanlik darajasi bilan farqlanadi.
Maishiy homiladorlik testlari natijani siydikdagi OXG gormoni (faqat homiladorlik vaqtida ishlab chiqariladigan odamning xorionik gonadotropini) darajasi asosida aniqlaydilar. Mazkur gormon bachadon bo‘shlig‘iga birikkandan keyin xorion (homila qobig‘i) tomonidan ishlab chiqariladi. Shu paytdan boshlab ayol siydigidagi OXG konsentratsiyasi osha boshlaydi hamda bo‘yingizda bo‘lganligi yuzasidan aniq javobni qachon olishingiz testning sifati va sezuvchanligi bog‘liq bo‘ladi.
Homiladorlik testlari sezuvchanligi 10, 20, 25, 30 raqamlari bilan markirovka qilingan, bu ular ushlab qolishga qodir bo‘lgan siydikdagi OXG mME/ml (ml ga xalqaro birlik) konsentratsiyasiga muvofiq keladi. Son qanchalik past bo‘lsa – testning sezuvchanligi va aniqligi shunchalik yuqori.
Hayz kechikishidan avval
Eng ta’sirchan va eng qimmat testlar kichkintoyning dunyoga kelishini hayz boshlanishining taxminiy sanasigacha – bo‘yida bo‘lgan paytdan yetti-o‘n kundan keyin aniqlaydi. O‘ramdagi ma’lumotlarni diqqat bilan o‘qing, bunday testning sezuvchanligi 10 mME/ml ni tashkil etishi kerak. Odatda, oqimli testlar zarur xususiyatlarga ega bo‘ladi.
OXG uchun qon tahlili – erta muddatda bo‘yida bo‘lganlikni bilishning yana bir usuli. Taxminan bo‘yida bo‘lgan sanadan (ya’ni uzoq siklda hali hayz kechikishidan avval) keyin 12-kuni ushbu tahlil natijalariga ko‘ra ayni siklda homiladorlik bo‘lganmi yoki yo‘qmi degan savolga javob topish hamda homiladorlik muddatini aniq aytish mumkin. Qonda OXG mavjudligini oldinroq – bo‘yida bo‘lgandan keyin yettinchi kuni aniqlash mumkin, biroq natijalar noaniq bo‘lishi va ularni tasdiqlash uchun bir haftadan keyin qonni qayta topshirish zarur bo‘ladi.
Homiladorlik testini o‘tkazish vaqtini tanlayotganda shuni inobatga olingki, OXG uchun qonni ertalab och qoringa topshirgan ma’qul. Agar kunning ikkinchi yarmida kelsangiz qon topshirishdan oldin to‘rt-olti soat mobaynida ovqatlanmaslik lozimligiga tayyor bo‘ling. Shuningdek, muolajadan oldin jismoniy yuklamalardan o‘zini chetga olish tavsiya etiladi. Agar siz biror bir gormonal preparatlar qabul qilayotgan bo‘lsangigz, qon topshirishdan oldin buni shifokor bilan maslahatlashing.
Hayz kechikishi birinchi–uchinchi kuni
Uy testlarining aksariyati 20–25 mME/ml sezuvchanlikka ega, ular hayz kechikishining birinchi kunidan boshlab aniq natijalarni beradi. Homiladorlik testini hali juda erta bo‘lganda o‘tkazish befoyda – hatto aslida homiladorlik bo‘lgan taqdirda ham javob manfiy bo‘ladi.
Hayz kechikishining to‘rtinchi–yettinchi kuni
Hayzning sezilarli kechikishidan keyin aniq javobni olish mumkin. Bu muddatda har qanday test, agar u soz bo‘lsa, aniq natijani ko‘rsatadi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, uy testi yordamida faqat homiladorlik mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash mumkin, uning aniq muddati esa faqat OXG uchun qon tahlilini topshirganda aniqlanadi.
Homiladorlik testini qachon o‘tkazgan ma’qul
Uy homiladorlik testini ertalab ya’ni OXG konsentratsiyasi siydikda maskimal bo‘lgan paytda o‘tkazgan ma’qul.
Agarda homiladorlik testini kechqurun o‘tkazish qulayroq bo‘lsa, albatta eng ta’sirchan bo‘lgan oqimli testni tanlang, bunday test uchun uni o‘tkazishning aniq vaqti jiddiy ahamiyatga ega emas.