Siydik tahlili

Siydik — moddalar almashinuvi mahsuloti. Qonning buyrakda filtrlanishidan hosil bo‘ladi. Kimyoviy tarkibi juda murakkab bo‘lib, unda 150 dan ortiq komponent, shu jumladan, suv, organizm uchun kerak bo‘lmagan moddalar almashinuvi mahsulotlari (mochevina, siydik kislotasi), erigan holdagi mineral tuzlar, turli zaharli moddalar bor. Odatda, och sariq rangli, biroz ammiak hidi kelib turadigan tiniq suyuqlik bo‘lib, solishtirma og‘irligi 1002—1030 atrofida o‘zgarib turadi (me’yorda o‘rtacha hisobda 1015—1018). Katta yoshdagi odam bir sutkada taxminan 1500 ml siydik ajratadi.


Siydik reaksiyasi kislotali yoki kuchsiz kislotali. Fizik-kimyoviy xossasining o‘zgarishi turli tashqi omillar (havoning namligi, harorati, jismoniy zo‘riqish va boshq.) va ovqat turiga bog‘liq, masalan, quruq ovqat iste’mol qilinganda yoki qattiq terlaganda siydikning rangi tim sariq va solishtirma og‘irligi yuqori bo‘ladi.

Ko‘p go‘shtli mahsulotlar, sho‘rva, dukkakli o‘simliklar, tuxum iste’mol qilish organizmda ko‘plab siydik kislotasi tuzlari hosil bo‘lishiga va siydikning kuchli oksidlanishiga olib keladi. Sut va o‘simlik mahsulotlari iste’mol qilinganda esa fosfat birikmalari ko‘p hosil bo‘ladi va siydik ishqoriy bo‘lib qoladi. Kislota-ishqor muvozanatidagi keskin o‘zgarishlar tosh hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ba’zi dorilar va oziq moddalar ta’sirida siydikning rangi o‘zgarishi mumkin, masalan, lavlagi va amidopirindan qizil, akrixin, biomitsindan och sariq rangga kiradi. Siydikning ko‘rsatib o‘tilgan o‘zgarishlari vaqtincha xarakterga ega bo‘lib, ularni keltirib chiqargan sabablar bartaraf etilgach, tarkibi va fizik xossalari qayta tiklanadi.

Siydik fizik-kimyoviy xossalarining ko‘rsatilgan omillariga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘zgarishi organizmdagi ba’zi o‘zgarish- lardan darak beradi. Masalan, tim sariq yoki yashilroq siydik ajralishi jigar funksiyasining buzilganligini, «go‘sht seli» rangidagi siydik organlarning jiddiy kasallanganligini ko‘rsatadi. Siydikda oqsil paydo bo‘lishi buyrak va qovuq yallig‘langanligidan, qand bo‘lishi esa qandli diabet borligidan dalolat beradi. Shuning uchun siydikni tekshirish ko‘pgina kasalliklarni aniqlashda katta ahamiyatga ega.

Siydik tahlili — buyrak funksiyalarining buzilganligini, shu­ningdek, turli organlarning shikastlanishiga aloqador bo‘lgan moddalar almashinuvining ba’zi o‘zgarishlarini aniqlash imkonini beradi. Odatdagi (klinik) siydik tahlili barcha kasalliklarda o‘tkaziladi. U siydikning fizik xossalari (rangi, hidi, reaksiyasi, tiniqligi, solishtirma og‘irligi)ni kimyoviy tarkibi (normal siydik uchun xarak- terli bo‘lmagan oqsil, bilirubin, qand kabi komponentlarni aniqlash)ni, shuningdek, cho‘kmani mikroskopik (qonning shaklli elementlari — leykotsitlar va eritrotsitlar hamda boshqa hujayra- larning mavjudligini) tekshirishni o‘z ichiga oladi. Tahlil uchun olinadigan siydik toza idishga solinib, og‘zi yaxshilab berkitiladi. Klinik tahlil uchun nahorgi siydikdan 100—200 ml olinadi. Siydikni yig‘ishdan oldin tashqi jinsiy organlarni yuvish lozim.

Siydikning rangi va tiniqligi ko‘z bilan ko‘rib aniqlanadi. Bunda siydikni silindrga olib, oq narsa ustiga qo‘yiladi. Normal siydik och sariqdan qora-qo‘ng‘irranggacha bo‘ladi. Uning rangi tarkibida pigmentlar bo‘lishiga bog‘liqdir. Agar siydikka organizmda ko‘p miqdorda hosil bo‘lgan yoki tashqaridan yuborilgan pigmentlar tushsa, uning rangi o‘ziga xos bo‘ladi, agar siydikka o‘t pigmentlari aralashsa, u pivo rangini oladi (sariq-yashil rangdan to‘q jigar- ranggacha), agarda qon pigmentlari (gematuriya, gemoglo- binuriya) aralashsa, bu holda u go‘sht yuvindisi rangiga kiradi.

Buyrak, siydik yo‘llari o‘tkir yallig‘langanda, siydik-tosh kasal- ligida, buyrak va siydik chiqarish yo‘llarida o‘sma paydo bo‘lganda siydik shunday rangga kirishi mumkin. Bemorlarga beriladigan ba’zi dorilar ham siydik rangini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, metilen sinkasi siydik rangini yashil yoki ko‘k qilib ko‘rsatadi, ichilgan santonin nordon muhitda uni tillarangga, ishqorli muhitda esa qizil rangga bo‘yaydi va h.k.

Siydik tiniqligi o‘tuvchi yorug‘lik nurlarida, toza idishda aniqlanadi. Sog‘lom odamlar siydigi tiniq bo‘ladi. Unda bakteriya ko‘p miqdorda rivojlanagan bo‘lsa, u loyqa bo‘lib qoladi. Leyko­tsitlar, eritrotsitlar, buyrak va siydik chiqarish yo‘llari epiteliysi, buyrak silindrlarining ko‘p miqdorda bo‘lishi siydik loyqalanishiga sabab bo‘ladi.

Siydik hidi organoleptik usul bilan aniqlanadi. Uzoq turib qolganda mochevinaning parchalanishi tufayli siydik ammiak hidini oladi. Diabetda esa u ba’zan aseton hidiga ega bo‘ladi (ivitilgan olma hidini eslatadi).