Xitoyning ko‘p martalik suborbital kemasi eksperimental parvozni amalga oshirdi

Xitoy qayta foydalanish mumkin bo‘lgan kosmik transport tizimini ishlab chiqish doirasida koʻp martalik suborbital uchish apparatining sinov parvozini amalga oshirdi. Parvoz tafsilotlari to‘liq oshkor qilinmadi, ammo apparat raketa yordamida uchiriladigan kosmoplan boʻlib, keyingi parvozni oʻz dvigatellari ko‘magida davom ettirishi maʼlum, deyiladi Space.com veb-saytida.


China Academy of Launch Vehicle Technology

Hozirgi vaqtda XXR oʻzining kosmik dasturi bilan faol shugʻullanmoqda va foydali yuk eltuvchilarni qayta ishlatish orqali ularni ishlab chiqish, foydalanish xarajatlarini kamaytirish borasida imkoniyatlarni qidirmoqda. Bunga ikki yoʻl bilan erishish mumkin — SpaceX singari raketalarning ortga qaytariladigan birinchi bosqichlaridan yoki koʻp martalik kosmoplanlardan foydalanish. Xitoyda odam va yuklarni orbitaga olib chiqish, kosmik turizm uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan koʻp martalik kema va vertikal yoki gorizontal startga ega eltuvchilardan iborat Tengfei-1, Tengyun, Tianxing tizimlari kabi apparatlarning bir qator loyihalari mavjud.


Oʻtgan yilning kuzida koʻp martalik eksperimental kemaning orbitaga joʻnatilgani maʼlum boʻldi. 2021-yil 16-iyulda Xitoyning aerokosmik fan va texnologiyalar korporatsiyasi qayta foydalanish mumkin bo‘lgan kosmik transport tizimini ishlab chiqish doirasida koʻp martalik suborbital uchish apparatining sinov parvozini amalga oshirganini eʼlon qildi. U Szyutsyuan kosmodromidan uchirilib, kosmodromdan 220 kilometr uzoqlikda joylashgan ichki Moʻgʻulistondagi aeroportga qoʻndirildi. Fotosurat yoki parvoz maʼlumotlari eʼlon qilinmadi, lekin kemaning vertikal holatda uchish va gorizontal holatda qoʻnish texnologiyalaridan foydalanishi maʼlum.


2017-yilda qabul qilingan Xitoy kosmonavtikasini rivojlantirish yoʻl xaritasida koʻp martalik kemalarni ishlab chiqish vazifa sifatida belgilangan. 2025-yilga kelib, Tengyun’ning ikki bosqichli, koʻp martalik gorizontal uchish va qoʻnish tizimi borasidagi ishlarning yakunlanishi kutilmoqda.


Muallif: Aleksandr Voytyuk.Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Китайский многоразовый суборбитальный корабль совершил экспериментальный полет” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: David Bartus / pexels.com