Biometrik pasport yo‘qotib qo‘yilganda nima qilish kerak?





Pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqaro zudlik bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga xabar berishi lozim.



Vaqtincha xorijda bo‘lgan fuqarolar pasportini yo‘qotgan, pasporti yaroqsiz holga kelgan yoki uning amal qilish muddati tugagan hollarda O‘zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasini olish uchun O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat etadilar.


Konsullik muassasiga taqdim etiladigan hujjatlar:
ariza;
pasport nusxasi (agar bor bo‘lsa);
O‘zbekistondan chiqish varaqasi nusxasi (MDH mamlakatlariga doimiy yashash uchun kelganlarga);
pasport yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligini tasdiqlovchi mahalliy organlar tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
fotosurat – 2 dona (3,5x4,5 mm hajmda);
konsullik to‘lovi.


Agarda pasportlari yo‘qolgani haqida ariza bergan fuqarolar pasportlarini topib olsalar, pasport egalarining yozma arizalariga asosan pasport yo‘qolgani haqidagi ish yuritish tugatiladi. Agarda yo‘qolgan pasportlar yangi pasport berilganidan keyin topilgan taqdirda, fuqarolar topilgan pasportlarni zudlik bilan ichki ishlar organlariga topshirishlari lozim.

Pasportlar o‘g‘irlangan hollarda bu haqdagi arizalar jinoyat sodir etilgan joydagi yoki fuqaroning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari xodimlari tomonidan qabul qilinadi. Bunday arizalar qabul qilinganligi haqida fuqarolarga ma’lumotnomalar beriladi va ular ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.



Fuqaro pasport yo‘qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab 1 oy ichida yangi pasport belgilangan tartibda beriladi.

Pasportni qasddan yaroqsizlantirish yoki ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.