Bosh miya kistalari

Bosh miya kistalari suyuqlik bilan toʼlgan oʼziga xos pufak boʼlib, kalla ichidagi turli sohalarda joylashishi mumkin. Koʼpincha bunday boʼshliqlar yarimsharlar pustlogʼini qoplovchi araxnoidal pardada hosil boʼladi. Аsosan homiladorlik davrida qorindagi bola rivojlanishi bilan bogʼliq tugʼma nuqsonlar, tugʼruq jarayoni va undan keyin orttirilgan bosh miya jarohatlari (bosh miya lat yeyishi, miya gematomalari, kalla suyagining botib sinishlari), shuningdek, parazitar kasalliklar, entsefalit, meningit, degenerativ va distrofik oʼzgarishlar, bosh miyada qon aylanishining buzilishi holatlari kista paydo boʼlishida muhim rol oʼynaydi.



Turlari. Bosh miya kistalarining birlamchi turi homilaning ona vujudida rivojlanish jarayonidagi har xil tashqi va ichki salbiy omillar, masalan homila asfiksiyasi sababli halok boʼlgan miya toʼqimasi oʼrnida vujudga kelsa, ikkilamchi orttirilgan turida esa tugʼilgandan keyin miyadagi har xil yalligʼlanish jarayonlari, miyaga qon quyilish yoki lat yeyishlardan keyin paydo boʼlib, halok boʼlgan toʼqimalar maydonlarida joylashadi va kasallik baʼzan klinik belgilarsiz, koʼp hollarda bemorda bosh ogʼrigʼi va boshqa noxush sezgilar bilan kechishi mumkin.

Аlomatlari. Odatda kista turli xil hajmda boʼlishi mumkin. Kichik kistalar klinik jihatdan namoyon boʼlavermaydi. Kattaroq hajmdagi kistalar esa miya pardalariga bosim oʼtkazilishi natijasida bemorda koʼrish va eshitishning buzilishi, dori-darmonlar samara bermaydigan bosh ogʼrishi, uyqusizlik, qoʼl-oyoqlarning qisman yoki jiddiy falajliklari, ruhiy oʼzgarishlar, muvozanat (koordinatsiya) buzilishlari, mushaklar tonusining susayishi, quloqdagi shovqin, hushdan ketish, tutqanoq hurujlari, teri sezgisining buzilishi, koʼngil aynishi, meʼyordan oshiq harakatlar, kayfiyatning oʼzgarib turishi, bosh miyaning bosilish hissiyoti, qoʼl-oyoqlarning ixtiyorsiz harakatlanishi, chaqaloqlarda liqildoqlarning pulьsatsiyasi(loʼqillashi) va qusish kuzatiladi.

Rivojlanishi. Taʼkidlash joizki, kistalarning klinik manzarasi his-tuygʼular va sezgi aʼzolari ishi bilan bogʼliq boʼladi. Masalan, kista miyachada yoki unga yaqin joylashgan boʼlsa muvozanat saqlash, yurish, qoʼl-oyoq harakatlari va yozuvning buzilishi, yutinish qiyinlashuviga olib keladi. Peshona sohalaridagi kistalar ruhiyat buzilishi, xotira sustlashishi, epileptik xurujlarga sabab boʼladi. Tepa sohasidagi kistalar sezgi aʼzolari ishini yomonlashtiradi, ensa sohasidagi kistalar esa koʼrish faoliyati buzilishiga olib kelishi mumkin. Bosh miyaning retrotserebellyar kistalari uning boshqa sohalaridagi araxnoidal kistalardan farqli ravishda miyaning tashqi, uni oʼrab turuvchi pardalarning ichki tomonida emas, balki miyacha ichki qismi, yaʼni kulrang moddaning nobud boʼlishi tufayli yuzaga keladi. Bu hosila paydo boʼlishida insulьt, intrakranial xirurgik operatsiyalar, bosh miyada qon aylanishning buzilishi, travma, yalligʼlanish jarayonlari muhim rolь oʼynashi zamonaviy tekshirish usullari vositasida tasdiqlangan.

Аyrim kistalar faqat kompьyuterli tomografiya tekshirishlari tasodifan aniqlanadi. Bunday kistalarning hajmi kattalashmasa odamning meʼyoriy hayot kechirishiga toʼsqinlik qilmaydi va bunday bemorning davriy tarzdagi tibbiy koʼriklardan oʼtib turishi yetarli boʼladi. Biroq, kista hajmining kattalashuvi kasallikning rivojlanishiga va xatarli oʼzgarishlar yuzaga kelishiga sabab boʼlib, bunday vaqtda bemor tezroq davolanishi lozim.

Аsoratlari. Bosh miya pardalari yalligʼlanishlarining toʼliq davolanmaganligi, miya suyuqligining nekrozga uchragan bosh miya boʼlagiga bosim oʼtkazishi, bosh miya lat yeyishi asoratlarining surunkali davom etaverishi, miyada qon aylanishining buzilishi, yangi insulьt oʼchoqlarining paydo boʼlishi, infektsion kasallik bartaraf etilmaganligi tufayli kistaning hajmi kattalashib boraverishi mumkin. Аraxnoidal kistaning hajmi kattalashib boraverishi koʼngil aynish, qusish, tutqanoq huruji, gallyutsinatsiya va boshqa jiddiy oʼzgarishlar bilan ham namoyon boʼlib, bunday xatarli belgilar kuchayishi kista ichida suyuqlikning ortishi yoki yalligʼlanish jarayonining davom etayotganligi bilan bogʼliq kechadi.

Bosh miya kistalarining yana bir turi – porentsefal kistalar bosh miya toʼqimasining ichki, chuqur sohalari zararlanishi, nekrozga uchrashi, yemirilishi natijasida hosil boʼlib miya qorinchalarining oldingi, orqa yoki pastki shoxchalari bilan aloqada boʼladi. Bunday kistalarni davolash mushkul, ularning asoratlari ham koʼpincha juda jiddiy tus oladi.

Tashxislash. Bosh miyaning araxnoidal kistalari odatda kompьyuter yoki magnit rezonans tomografiya tekshiruvlaridan soʼng aniqlanadi. Аniq tashxis tasdiqlanganidan soʼng bemor albatta shifokor maslahatlariga amal qilishi, zarurat tugʼilganda xirurgik operatsiyaga ham rozilik berishi kerak.

Kichik yoshdagi bolalarda kistani aniqlash uchun neyrosonografiya tekshiruvi oʼtkaziladi, bu tekshiruv usuli xavfsiz, bola sogʼligʼiga salbiy taʼsir koʼrsatmaydi. Katta yoshdagi odamlarda ulьtratovush (Exo-entsefaloskopiya) tekshiruvi ham kista borligi toʼgʼrisida maʼlum darajada maʼlumot berishi mumkin.

Davolash. Bosh miya kistalarini davolash usullari konservativ (dori-darmonlar bilan) yoki xirurgik usulda olib boriladi. Xirurgik usulda davolashdan avval bemorga dopplerografiya (miyada qon aylanish faoliyatini aniqlash) buyuriladi, shuningdek yashirin infektsiya, autoimmun kasalliklar bor yoki yoʼqligini baholash maqsadida maxsus tekshirishlar oʼtkazilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Konservativ davolash muolajalari kista suyuqligini soʼrilishini taʼminlaydigan, bemorning immun holati va bosh miyaning oziqlanishi va faoliyatini yaxshilashga yoʼnaltirilgan muolajalarni oʼz ichiga oladi. Bemor yoki uning ota-onalari oʼz vaqtida tegishli davolash muassasalarida faoliyat koʼrsatayotgan mutaxassislarga murojaat etishsa kasallikning rivojlanib ketish xavfi va ogʼir asoratlar paydo boʼlishining oldini olishlari mumkin.

Аmirqul ShODIEV,

Samarqand davlat tibbiyot instituti

“Nevrologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya” kafedrasining dotsenti, tibbiyot fanlari doktori.