Bolaning tana harorati koʼtarilsa

Tana haroratining oshishi alohida xastalik emas, balki birorta kasallik yoki fiziologik jarayonlar belgisi (simptom) hisoblanadi. Mutaxassislar maʼlumotiga koʼra, 60 foiz hollarda isitma koʼtarilishi oqibatida uyga «tez yordam» chaqiriladi. Koʼpchilik vrachlar isitmani tushirish shart emasligini taʼkidlashsa, boshqalari bola oʼzini yaxshi xis qilishi uchun isitma tushirish zarurati tugʼiladi, degan fikrni aytadilar.



Tana xaroratining bir meʼyorda ushlab turilishi, yaʼni isitma gomeostazi issiqlik ishlab chiqish va issiqlik ajratish bilan birgalikda kechadi. Tana harorati bosh miya tomonidan (gipotalamus sohasining old va orqa qismlari orqali) boshqariladi. Issiqlik hosil boʼlishi neyroendokrin tizimning qalqonsimon va buyrak usti bezi ishtirokida oksidlanish jarayoni (yogʼ toʼqimasi, mushaklar va jigar) qoʼzgʼalishi hisobiga yuzaga keladi. Tana harorati doimiy ravishda bir xil holatda ichki aʼzolarda saqlanadi. Qoʼltiq ostida harorat ichki aʼzolardan 10S kamroq boʼlsa, toʼgʼri ichakda harorat qoʼltiq ostiga nisbatan 1-0,80S ga yuqori turadi.

Sutka davomida tana harorati (ertalab va kechqurun) oʼzgaradi, aksariyat bolalar yigʼlaganda, jismoniy mehnat qilganda yoki ovqatlaganda tana harorati sal ortishi mumkin. Shuning uchun aniq maʼlumot olish uchun bola tana haroratini u tinchlangandan va ovqatlanib boʼlgandan 30 daqiqadan soʼng oʼlchash maqsadga muvofiq.

Qanday oʼlchash kerak?

Xorijda bolalarning tana harorati ogʼiz boʼshligʼi va toʼgʼri ichak orqali oʼlchanadi. Termometr vazelin bilan yogʼlanadi va toʼgʼri ichakka 2 sm kiritilib, kamida 3 daqiqa ushlab turiladi. Bunda bola tizza bilan oyoqlarini yozgan holda turishi kerak.

Shuni taʼkidlash kerakki, ogʼiz va toʼgʼri ichakda tana haroratini oʼlchash ayniqsa goʼdak bolada kam qoʼllaniladigan usuldir, chunki yosh bolaning yigʼlashi, harakatlanishi bunga xalaqit beradi, shu bilan birga bola qaltis harakatlanganda termometr tana ichida sinib qolishi ham mumkin. Bunday koʼngilsizliklar ehtimoli hisobga olingani holda koʼpincha haroratni qoʼltiq ostida oʼlchash tavsiya etiladi. 4 yoshdan oshgan bolalarda esa ogʼiz boʼshligʼida tana haroratini oʼlchash ancha qulay.

Shisha simobli termometrlar oʼrniga sinmaydigan plastmassa termometrlarni ishlatish xavfsiz hisoblanadi. Har qanday termometrdan foydalanganda bola tinch holatda boʼlishi lozim, aks holda harakatlanish va hayajonlanish tana haroratini oʼzgartirishi mumkin.

Meʼyoriy tana xarorati 370S gacha boʼlishi tabiiy hol. Yangi tugʼilgan chaqaloqlarda dastlabki 1-2 oy davomida tana harorati 37,2-37,30S atrofida boʼlishi ham mumkin, bu fiziologik holat («fiziologik isitma») hisoblanib, atrof-muhitga moslashuv davrida sodir boʼladi, bunday hollarda bolada kasallik alomatlari (yaʼni bezovtalik, yurak tez urishi, suvsizlanish) kuzatilmaydi.

Chaqaloqlik davrida tana haroratining biroz koʼtarilishi hech qanday davo va isitma tushirish choralarini talab qilmaydi, faqat bola ahvolini bir necha kun kuzatish kerak boʼladi, tana harorati sekin-asta asliga qaytadi. Vrachlik amaliyotidagi kuzatuvlar shuni koʼrsatadiki, ota-onalar (hattoki ayrim vrachlar) baʼzan bunday holatga yetarli ahamiyat berishmaydi, shuning uchun ham chaqaloqlarga isitma tushuruvchi dorilar qoʼllangani va shifoxonalarga turli tashxislar bilan yotqizilganligining guvohi boʼlganmiz.

Pirogen, endogen, ekzogen…

Tana haroratining oshishiga koʼpincha noinfektsion va infektsion omillar sabab boʼlishi mumkin.

Noinfektsion, yaʼni organizmning ichki sabablari oqibatida tana haroratining koʼtarilishiga koʼpincha immun tizimi buzilishi, allergik kasalliklar, oʼsmalar, bosh miya ichki jarohatlari, miyaga qon quyilishi, ukoldan soʼnggi yiringlash, dori-darmonlar qabul qilish (interferon, amfoteritsin, pirogenal), endokrin (buqoq) va irsiy kasalliklar yetakchi omillar sanaladi.

Baʼzan organizmda issiqlikni ajratishning yetishmasligi bilan bogʼliq tashqi taʼsirotlar (issiq va quyosh urishi, oʼta yuqori jismoniy harakat) tufayli noinfektsion harorat koʼtarilishi mumkin. Ichki taʼsirotlar sababli yuzaga keladigan yuqori noinfektsion harorat oshishi esa ilon chaqishi, notoʼgʼri qon va qon preparatlarini quyish, issiqdan kuyish, dori preparatlari va pestitsidlardan zaharlanishlar, metabolik (modda almashinuv) buzilishlaridan soʼng namoyon boʼladi.

Infektsion harorat koʼtarilishiga har qanday infektsiyalar (bakteriyali, virusli, mikoplazmali, xlamidiyli, parazitli, zamburugʼli hamda vaktsinalar, shuningdek koʼkyoʼtal, gripp, tif, dizenteriya, qizamiq) sababchi boʼlishi mumkin. Organizmga tashqaridan tushib yoki ichkaridan hosil boʼlib haroratni oshiruvchi moddalar pirogenlar (pirogen – “olov, issiq”) deb nomlanadi. Pirogenlar ekzogen va endogen koʼrinishida boʼladi.

Ekzogen pirogenlarga grammanfiy bakteriyalarning endotoksinlari, difteriya tayoqchasining ekzotoksini, dizenteriya va tif tayoqchasi oqsil moddasi kiradi. Shuning barobarida viruslar endogen pirogenlar sintezini kuchaytiradi.

Tana haroratining 390S dan oshib ketishi toʼqimalarning kislorodga boʼlgan talabini oshiradi, bu esa yurak-tomir va nafas tizimi ishini tezlatadi. Natijada toʼqima gipoksiyasi (havoga toʼyinmasligi) va metabolik oʼzgarishlar kelib chiqadi. Yosh bolada infektsion gipertermik holatlar koʼpincha tutqanoqlarga sabab boʼladi.

Oq harorat va qizil harorat

Bola xususiyatlariga qarab, u kasallangandagi tana harorati turlicha kechadi. «Qizil harorat» (tanada issiqliq hosil boʼlishi va ajralishi oʼrtasidagi muvozanat) da bola terisi qizargan, issiq, biroz hoʼl, yurak urishi va nafas tezlashuvi esa harorat darajasiga qarab oʼzgaradi. Qoʼl-oyoqlari dastlab sovqotadi, soʼngra qizib ketadi.

«Oq harorat» (gipertermik holat) zaharlanish taʼsirida kelib chiqadi, organizmda issiqlik hosil boʼlishi va ajralishi oʼrtasidagi muvozanat buziladi, yaʼni issiqlik hosil boʼlishi ustunlik qiladi va qon aylanishi buziladi, periferik qon tomirlar qisqarishi, qonda kislotali muhit oshishi natijasida aʼzolar faoliyati izdan chiqadi. Bemorlarda sovqotish, qaltirash alomatlari kuzatiladi. Terisi oqimtir, marmarsimon, lablari koʼkargan, oyoqlari sovigan boʼladi. Oq harorat, yaʼni gipertermik holatda yurak urishi va nafas tezlashuvi, shuningdek hansirash kuzatilib, bola alahsiraydi, talvasa tutadi, lablari va tirnoq uchlari koʼkarib, «oq dogʼ» belgisi aniqlanadi.

«Oq harorat»da isitma tushiruvchi dorilar naf bermaydi, yaʼni haroratning yuqori darajada koʼtarilib turishi bola sogʼligi uchun oʼta xavfli sanaladi va turli asoratlarga sabab boʼladi.

Аyni vaqtda organizmdan koʼp miqdorda energiya va suv yoʼqotiladi. Bu hol oʼz navbatida qonning quyuqlashib qolishi va boshqa aʼzolar kichik qon tomirlarida (asosan kapillyarlarda) qon aylanishini buzadi, natijada qon tomirlardan qonning suyuq qismi chiqib ketib miyada shish hamda tomchili qon quyilishi roʼy beradi.

Shuning uchun ham bola isitmasi yuqori boʼlganda oʼz vaqtida birinchi yordam berish zarur. Аks holda kuchli isitma tufayli asab, yurak-tomir va boshqa aʼzolarda roʼy bergan chuqur oʼzgarishlar bola hayoti uchun oʼta xavfli kechadi. Bunday holatda bola hayotini asrab qolish mumkin, lekin miya faoliyatining buzilishi natijasida bemor ruhiy nogiron boʼlib qolishi mumkinligini unutmaslik kerak.

«Choy muolajasi» ning foydasi

Koʼpchilik bolalarda tana harorati oshishi unchalik xavotir tugʼdirmaydi. Shu bois infektsion jarayonga organizm tabiiy ravishda kurashishini hisobga olgan holda bilan isitmani dori-darmonlar bilan tushirishga oshiqmaslik kerak. Bunday hollarda bolani kuzatish, parvarishlash, ovqatlantirish qoidalariga rioya qilish yaxshi samara beradi.

Quyidagi maslahatlarga amal qiling:

Dastlab varaja tutib bola sovqotadi va isitma koʼtarila boshlaydi, bunday hollarda bolani issiq toʼshakka oʼrab, iliq suyuqliklar (issiq choy, kompot, meva sharbatlari) berilishi kerak.

«Qizil harorat» da bolani yechintiring, koʼproq suyuqlik ichiring. Chunki bola terisi, nafas yoʼllari orqali koʼp suyuqlik yoʼqotadi.

Harorat koʼtarilishi qusish va ich ketish alomatlari bilan birga kechsa, biz taklif qilgan «choy bilan davolash» usulini qoʼllang. Buning uchun xona harorati 28-300S boʼlishi kerak va uyning eshik-derazalari yopiladi. Yozning issiq kunlarida uy haroratini isitish shart emas. Bola yalangʼoch qilib yechintiriladi, piyoladagi choy damlamasi (koʼk choy) issiq holda boʼlishi kerak. Bolaning dastlab qoʼl-oyoqlari, soʼngra badani, qoʼltiq va chov sohalari, boʼyni hamda bosh va yuz sohalari issiq choy bilan qayta-qayta yuviladi. Bola isitmada boʼlgani uchun terisi tez quriydi, shuning uchun sochiq bilan faqat boshi artilsa kifoya. Shundan soʼng bolani yengil kiyintirib, iliq choy ichiriladi.

Umuman «choy muolajasi»ni isitmalagan bola uchun kuniga bir necha marta qoʼllashingiz mumkin. Chunki choy isitma tushiruvchi dori-darmonlarning oʼrnini bosadi. Xoʼsh, koʼk choyning isitma tushirishda qanday foydasi bor?

Choy issiq holda teriga tez soʼriladi, qon tomirlarini kengaytiradi va issiqlik ajralishini taʼminlaydi. Choy tarkibida kofein moddasi teri orqali soʼriladi va yurak-tomir tizimi ishiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Choy bilan yuvintirish va choy ichirish bolaning suyuqlikka boʼlgan talabini qondiradi va tinchlantiradi. Bola koʼz oldingizda tinchlanib uxlab qoladi, bu esa tana harorati meʼyorlashishiga olib keladi.

Koʼpchilik ota-onalar isitmalagan bola badanini aroq yoki spirt bilan artishadi. Spirtli eritmalar qoʼllanganda bola terisi kuyadi, teri quriydi, spirt teri orqali qonga soʼrilib zaharli taʼsir koʼrsatishi mumkin.

Zarur boʼlganda dori bering

Isitma salomatlik uchun xavf tugʼdirganda haroratni tushirish maqsadida dori-darmonlar qoʼllanadi. Masalan: bola qaysi yoshdaligidan qatʼiy nazar, tana harorati 390S dan baland boʼlsa, «oq harorat» yoki gipertermik holat roʼy bersa, nafas, yurak-tomir, asab va boshqa aʼzolarning ogʼir kasalliklarida harorat koʼtarilsa, 5 yoshgacha boʼlgan bolalarda ilgari tutqanoq holatlari boʼlib oʼtganda, 2 oylikkacha boʼlgan bolalarda (chunki bu yoshdagi goʼdaklar katta yoshdagilarga qaraganda isitmani koʼtara olishmaydi).

Bola ahvoli yomonlashuviga olib keladigan holatlar, yaʼni bosh va mushaklarda ogʼriq, injiqlik, ovqatdan keyin qusish, tutqanoq xurujida isitma tushiruvcha preparatlardan foydalanish mumkin. Pediatriya amaliyotida analьgin preparatini isitma tushirish va ogʼriq qoldiruvchi vosita sifatida ayrim hollarda (yaʼni, bola paratsetamol va ibuprofenni koʼtarolmasa) qoʼllanadi.

Kasallik sababini aniqlamasdan turib isitma tushiruvchi preparatlarni uzoq muddat tavsiya qilish mumkin emas. Аntibakterial preparatlar bilan birgalikda isitma tushiruvchi preparatlarni davomli qoʼllash oʼz isbotini topmagan. Oq harorat (gipertermiya) da isitma tushiruvchi preparatlar bilan birgalikda qon tomirlarni kengaytiruvchi (papaverin) va antigistamin (pipolьfen) preparatlaridan foydalanish yaxshi samara beradi.

Gipertermik sindromda va 2 kun davomida isitma tushiruvchi preparatlarni qoʼllashdan naf boʼlmaganda bolani shifoxonaga yotqizish lozim. Bolada uzoq muddat isitma tushiruvchi dorilar ichirish va onalar oʼzlaricha turli isitma tushiruvchi vositalarni qoʼllashlari hamda oʼz vaqtida tibbiy xodimlarga murojaat qilmasliklari turli xil asoratlarga olib kelishini yodda saqlash joiz.

Xullas, bolalarda faqat isitma tushiruvchi xavfsiz preparatlarni qoʼllash lozim, masalan koʼpincha paratsetamol va ibuprofen tanlanadi. Sogʼlom bolalarga isitma tushiruvchi preparatlar isitma jarayoni asoratsiz kechgan holda va tana harorati 39-39,5° S dan oshganda tavsiya qilinadi. Isitma tushiruvchi preparatlarni noinfektsion isitmalarda (markaziy, neyrogumoral, refrakter tipdagi, modda almashinuvi buzilishi oqibatida, dorilardan soʼng) qoʼllash mumkin emas.

Saydullo RАSULOV,

pediatr, tibbiyot fanlari doktori.