Yangi tug‘ilgan bolakaylarning onalari o‘zlarining kichkintoylarida liqildoqlar bo‘lishini yaxshi bilishadi. Ko‘pchilik onalar bolaning shu sohasini nozik joy deb bilib, qo‘l bilan tegish mumkin emas deb o‘ylashadi. Haqiqatdan ham shundaymi? Liqildoqlar bolaga nima uchun kerak? Bu liqildoqlar qachon yopilishi kerak? Liqildoqning hajmi juda kichkina yoki katta bo‘lsa nima bo‘ladi? Bu kabi savollar yosh onalarni qiziqtirishi tabiiy holatdir.
Mundarija [Yopish]
Chaqaloqlarda kalla chanog‘ining o‘ziga xos tuzilishi
Bola liqildoqlari
Liqildoqlarning o‘lchami va funksiyasi
Liqildoqlar qachon bitadi?
Liqildoq – organizm signali
Diqqat!
Liqildoqlar diagnostika uchun qanday yordam beradi?
Chaqaloqlarda kalla chanog‘ining o‘ziga xos tuzilishi
Chaqaloqlar liqildog‘i bolalarning tug‘ilish jarayonida muhim rol o‘ynaydigan eng asosiy hosilalardan biri hisoblanadi. Homilaning tug‘ruq jarayonida ayol jinsiy yo‘llaridan o‘tish vaqtida, bolaning kalla suyaklari egiladi (bu holat normal hisoblanadi), hajmini kichiklashtiradi va jinsiy kanallar shaklini oladi. Bu jarayon – bola boshidagi liqildoqlar hisobiga sodir bo‘ladi va u ona uchun ham bola uchun ham tug‘ruq jarayonini yengillashtiradi. Homilaning kalla chanog‘ining o‘ziga xosligi, uning anatomik tuzilishidadir.
Albatta, homila kalla chanog‘i ham katta odamlar kabi bir xil suyaklardan tuzilgan. Lekin kalla suyaklari kattalarnikiga qaraganda egiluvchan va elastik, bir-biri bilan to‘liq birikmagan hamda suyaklanmagan bo‘ladi. Bunday hosilalar bola kallasida amortizator vazifasini bajaradi. Ularga quyidagilar kiradi:
Peshona birikishi (metopik birikish) – peshona suyaklari orasida;
Koronar birikish – peshona va tepa suyaklari orasida;
O‘qsimon (sagittal) birikish – tepa suyaklari orasida;
Tepa (lambadosimon) birikish – ensa va tepa suyaklari orasida;
O‘ng va chap yonbosh birikish – tepa va chakka suyaklari orasida.
Bola liqildoqlari
Oldinigi yoki katta liqildoq – rombsimon shakldagi hosila, uning chegaralari burchaklari peshona va sagittal birikishlardan boshlanadi, yon tomondan esa chap va o‘ng tomondan birikmalar;
Orqa yoki kichik liqildoq – uchburchak shakldagi o‘qsimon birikma va ensa birikmalari orsidagi chuqurlik;
O‘ng va chap ponasimon liqildoqlar – koronar birikmalar va yonbosh birikmalar chegarasida bo‘ladi;
O‘ng va chap so‘rg‘ichsimon liqildoqlar – koronar birikma va lambadasimon birikmalar chegarasida bo‘ladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Kichkintoy parvarishi (1-qism)
Yuqorida sanab o‘tilgan liqildoqlarning barchasi sog‘lom o‘z muddatida tug‘ilgan chaqaloqlarda bo‘ladi, ulardan faqatgina katta liqildoq, ba’zi hollarda kichik liqildoq ham ochiq bo‘lishi mumkin, qolgan barcha liqildoqlar va birikmalar yopiq bo‘ladi.
Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda esa yon liqildoqlar va ayrim birikmalar ochiq bo‘lishi mumkin. Liqildoqlar biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan membrana bilan yopilgan bo‘ladi. Shuning uchun liqildoqlarni “buzish” ancha mushkul ish. Bolakaylarni bemalol cho‘miltiring, sochlarini tarang, bola bilan qo‘rqmasdan o‘ynang, uni yengil massaj qiling va liqildoqlarni jarohatlab qo‘yishdan qo‘rqmang.
Liqildoqlarning o‘lchami va funksiyasi
Oldingi katta liqildoq romb shaklini eslatadi. Ushbu liqildoqning o‘lchami, uning dioganal o‘lchami bilan baholanmaydi, balki liqildoqni hosil qiluvchi chegaralar (devorlari) orasidagi masofa o‘lchanadi. O‘z muddatida tug‘ilgan sog‘lom bolalarda katta liqildoqning o‘lchami 2×2 smdan 3×3 smgacha bo‘ladi. chala tug‘ilgan chaqaloqlarda esa katta liqildoq o‘lchami keng va uni hosil qiluvchi birikmalar ham oxirigacha bitmagan bo‘ladi. Normada katta liqildoq balandligi tepa va peshona suyaklari bilan bir tekislikda bo‘lishi kerak, ba’zida biroz pastga botib kirgan bo‘ladi.
Liqildoqda pulsatsiya bo‘layotgani oddiy ko‘z bilan ko‘rinadi. Chaqaloq kuchli yig‘laganida va bezovtalanganida liqildoq shishib ko‘tarilib qolganini ko‘rsa bo‘ladi. Bolalikning birinchi yilida bosh miya sezilarli darajada o‘sa boshlaydi, liqildoqlar hisobiga miyaning o‘sishida kalla chanog‘i qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bundan tashqari liqildoqlar bolalarda termoregulyatsiya funksiyasini ham bajaradi, ya’ni tana harorati ko‘tarilgan vaqtda organizm ortiqcha haroratni liqildoqlar orqali tashqi muhitga o‘tkazib turadi. Shuning uchun isitma qilayotgan bolakaylarning boshiga juda qalin bosh kiyim kiydirib, uni o‘rab tashlash mumkin emas.
O‘z muddatida tug‘ilgan chaqaloqlarning kichik liqildog‘i orqa tomonda joylashib, odatda sezilmaydi, ba’zida bir barmoq sig‘adigan darajada bilinishi ham mumkin.
Liqildoqlar qachon bitadi?
Sog‘lom, o‘z muddatida tug‘ilgan chaqaloqlarda faqatgina oldingi yoki katta liqildoq ochiq bo‘ladi. ammo, vaqt o‘tishi bilan suyaklar o‘sishi hisobiga liqildoq o‘lchami kichrayib boradi va u to‘liq yopilib ketadi. Katta liqildoqning to‘liq yopilib ketish yoshi yo‘q. Ko‘pchilik chaqaloqlarda katta liqildoqlar 12 oydan 18 oygacha bo‘lgan muddatda yopiladi. Agar liqildoqlar bolaning bir yoshigacha yopilib ketsa, havotirlanmang bu sog‘lom bola uchun normal holat bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda pediatr shifokor maslahatini olishingiz kerak bo‘ladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Yassioyoqlik — davosiz dard emas.
Kichik liqildoq odatda bola tug‘ilganda bilinmaydi. Katta liqildoq kichrayishni boshlagan vaqtda kichik liqildoq yopilib bo‘lgan bo‘ladi, bu chaqaloqning 1,5-2 oyliklariga to‘g‘ri keladi.
Liqildoq – organizm signali
Onalar o‘z farzandlari liqildoqlarining holati haqida doimo xabardor bo‘lib turishlari kerak, agar har qanday o‘zgarish (kuchli pulsatsiyasini, uning hajmi kichikligiga gumon qilsangiz) sezsangiz mahalliy pediatrga xabar bering. Neonotologlar va pediatrlar uchun liqildoqlar organizm holati haqida ma’lumot beruvchi mutaxassislardir. Liqildoqlar bosh sohasidagi har qanday o‘zgarish haqida birinchi bo‘lib signal beradi. Juda erta yoki kech yopiladigan liqildoqlar jiddiy kasallikdan darak berishi mumkin. Agar yangi tug‘ilgan chaqaloqda katta liqildoq kichik bo‘lsa yoki umuman yo‘q bo‘lsa, birinchi navbatda mikrosefaliya va kraniostenozga gumon qilinadi.
Mikrosefaliyada – chaqaloqning tana qismlari normal o‘lchamda, boshi va miyasi esa kichik hajmda bo‘ladi. Bu kasallik genetik xromosoma kasalliklari oqibatida kelib chiqadi, masalan, Patau sindromi, Edvards sindromi kabi.
Kraniostenozda – kalla suyaklari orasida birikmalar yopishib ketganligi sababli liqildoqlar ham yopilib ketgan bo‘ladi. Kalla chanog‘ining deformatsiyasi hisobiga miya o‘sishi qiyinlashadi, bosh miya ichki bosimi oshadi.
Agar ayol kishi homiladorlik vaqtida kalsiy elementini ko‘p saqlovchi mahsulotlar iste’mol qilgan bo‘lsa, liqildoqlar erta muddatlarda yopilishi yoki tug‘ilganda o‘lchami kichik bo‘lishi mumkin. Chaqaloq organizmida kalsiy yetishmovchiligi esa liqildoqlarning kech yopilishiga sabab bo‘ladi.
Agar chaqaloq katta liqildog‘i katta o‘lchamda va kichik (orqa) liqildoq ham aniq bilib turgan bo‘lsa, birinchi navbatda gidrosefaliya va tug‘ma gipotireoz (qalqonsimon bez yetishmovchiligi) ga gumon qilinadi. Bundan tashqari, liqildoqning katta o‘lchamda bo‘lishiga olib keluvchi omillar – homila ichi gipoksiyasi, tug‘ruqdagi travmalar va homila ichi infeksiyalari ham bo‘lishi mumkin.
Chaqaloqlar liqildog‘i bosh miya ichki bosimi haqida aniq ma’lumot beradigan hosiladir. Bosh miya ichki bosimi oshgan hollarda liqildoq shishgan va taranglashgan bo‘ladi. Bosh miya ichki bosimi oshishiga sabablar quyidagilar bo‘lishi mumkin:
Tug‘ma kasalliklar (gidrosefaliya);
Bosh miya infeksiyalari (yiringli meningit);
Kalla chanog‘i ichida hosil bo‘lgan o‘smalar (gematomalar, o‘smalar);
Perinatal ensefalopatiyalar;
Bosh miya ichi vena va sinuslar trombozi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Bolangizni dorilardan asrang
Diqqat!
Agar liqildoqlar shishgan bo‘lsa va bu holat biror-bir bosh miya jarohatidan keyin kuzatilsa, zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qiling. Bundan tashqari pastga kirib qolgan liqildoqlar ham organizmdagi jiddiy o‘zgarishlar ketayotganidan dalolat beradi.Masalan, organizmning ichak infeksiyalari natijasida ko‘p qayt qilishi va ich ketishlarida suvsizlanish vaqtida yuqoridagi kabi holat kuzatilishi mumkin. Bunday holatda ham bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak. Meningit kasalligida bolalarda birinchi bo‘lib liqildoq bosh miya ichki bosimi oshishi hisobiga ko‘tarilib qoladi, keyin organizmning suvsizlanishi hisobiga liqildoqlar ichkariga botib qoladi.
Bunday vaqtda shifokorlar bosh miya ichki bosimini o‘lchash uchun tekshiruv buyuradilar, ularning natijalariga asoslanib bolalarga davo muolajalari belgilanadi.
Liqildoqlar diagnostika uchun qanday yordam beradi?
Chaqaloqlar liqildoqlari – bosh miya ichki holatini ko‘rsatib beruvchi ko‘zgu hisoblanadi. Shuni inobatga olib chaqaloqlarda liqildoqlar orqali tekshiriladigan bir qator diagnostika usullari bor. Ular quyidagilar:
Mahalliy anesteziya ta’sirida subdural punksiya;
Qorinchalararo suyuqlik yordamida bosh miya ichki bosimini o‘lchash, likvorning tarkibi haqida ma’lumotlar;
Maxsus tanometrlar yordamida punksiya qilmasdan bosh miya ichki bosimini o‘lchash;
Ikki o‘lchamdagi exoensefalografiya va sonografiya – UTT tekshiruvi;
Radioizotop ssintigrafiya.
© Maqola 27.05.2018 sanasida yangilandi.
avitsenna.uz/bola-va-liqildoq/