14-avgust Bahrayn davlati tashkil topgan kun

Bahrayn- yaqin Sharqda joylashgan davlat. Fors ko’rfazining shimoli-g’arbiy qismida Saudiya Arabistoni va ko’rfaz orqali qator davlatlar bilan chegaradosh. 33 ta oroldan iborat. Ularning orasida eng yirigi Arabiston yarimoroli bilan uzunligi 25 km ga yaqin bo’lgan ensiz bo’g’oz orqali tutashgan Bahrayn orolidir. Bahrayn orolining uzunligi 25 km, eni-16 km ni tashkil etadi. Tuproq qatlamida ohaktosh keng tarqalgan. Hududning katta  qismini chalaсho’llar egallagan. Arxipelagning yuqori nuqtasi Jabalad-Duhan (134 m). Ba’zi orollar Bahrayn va Muharrak bilan to’g’onlar vositasida bog’langan. Iqlimi-tropikdan subtropikka o’tuvchi. Vohalarda hurmo daraxti o’sadi. Hududning katta qismi tropik cho’llardan iborat. Ilon, chayon, kemiruvchi va chiyabo’rilar keng tarqalgan. Mamlakat iqtisodining asosini neft qazib olish va uni qayta ishlash tashkil etadi. Kema ta’mirlash, sement ishlab chiqarish va boshqa korxonalar bilan bir qatorda hunarmandchilik ham taraqqiy etgan. Kimyo sanoati ham rivojlangan, alyuminiy eritiladi. Madaniy o’simliklardan makkajo’xori, bo’g’doy, arpa yetishtiriladi. Echki, qo’y, eshak va qoramol boqiladi. 2012-yilda yaim miqdori 26 509 mln dollarni tashkil  etgan. Asosiy savdo hamkorlari- Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSH, Avstraliya. Miloddan avvalgi III ming yillikda zamonaviy Bahrayn kuchli savdo imperiyasi hisoblangan. Dilmunning markazi bo’lgan. Miloddan avvalgi 1600-yillarida Dilmun inqirozga yuz tutadi. Bahrayn miloddan avvalgi 600 yilda Bobil, IV-VI asrlarda Sosoniylar davlati tarkibiga kiradi. IX-X asrlarda Bahrayn Ummaviylar imperiyasi, keyinchalik Abbosiylar davlati tarkibida bo’ldi. 1487-yilda Bahrayn va Muharrak orollari ummonlik qabilalar tomonidan bosib olindi. 1536-yildan 1602-yilgacha orollarni portugalar nazorat qilishdi. XVIII asr o’rtalarida Bahraynda uni hozirgi kunda ham idora etayotgan Al-Xalifa sulolasi hokimiyatiga keldi. XIX asrda Bahrayn inglizlar nazorati ostida edi. 1971-yil 14-avgustda Bahrayn mustaqillikka erishdi. Bahrayn Arab davlatlari Ligasi tarkibiga kiradi. 1979-yili Misr-Isroil shartnomasi imzolanganidan so’ng, Nahrayn Misr bilan diplomatik aloqalarni to’xtatgan va 1981-yili Anvar Sadat o’limidan keyin qayta tikladi.  Bahrayn hududida AQSH harbiy bazalari joylashgan.