Napoleon tort tayyorlash: uy sharoitida, retsepti, bosqichlari

“Napoleon” torti – butun dunyo sevib iste’mol qiladigan eng mazali shirinliklardan biri. Italiya va Fransiyada bu tortni  “ming qatlam” deb atashadi, Belgiya va Niderlandiyada esa shunga o’xshash “Tompus” shirinligi mavjud va u ko’pirtirilgan qaymoq va pushti glazurdan iborat.  Qizig’i shundaki, ko’pincha “Napoleon”  torti, qandolatchilik maxsulotlarini sotib olish qiyin bo’lgan va shuning uchun ham uy bekalari shirinliklarni uy sharoitida o’zlari tayyorlashga majbur bo’lgan Sovet davri bilan qiyoslanadi. Shuning uchun ham ushbu tortni uy sharoitida pishirishning juda ko’p retseptlari bor, chunki har bir oilada bu shirinlikni tayyorlashning o’z sirlari bor edi.


“NAPOLEON” TORTI PAYDO BO’LISHI TARIXI

1912 yilda Rossiyada Napoleon ustidan qozonilgan g’alabaning yuz yilligini nishonlash taraddudi bo’layotgandi va shu munosabat bilan qandolatchilar uchburchak shaklga ega bo’lgan qavatli xamir (слоеное тесто) va sut va sariyog’dan tashkil topgan qaynatma kremdan iborat shirinlikni yaratadilar.  Frantsuzlar esa bir asosiy versiyaga asoslanib bu nozik ta’mga ega tortni yaratish huquqi ularga tegishli deya hisoblashadi.


Bu versiyaga ko’ra, ayyor qasr oshpazi Bonapartni mamnun qilish maqsadida oddiy keksni bir nechta korjlarga bo’lgan va ular orasiga ko’pirtirilgan qaymoq va qulupnay surgan. Shunday qilib yangi tort paydo bo’lgan  va ushbu shirinlik ‘”Napoleon” deya atala boshlagan.


UY SHAROITIDA NAPOLEON TAYYORLASH

Klassik “Napoleon” ning asosiy xususiyati korjlarning shakarsiz pishirilishida, lekin ular juda yengil, havodor va juda mazali chiqadi. “Napoleon” pirogi qanday xamirdan pishirilishini hamma ham bilmaydi, chunki  kesilganda juda ko’p qatlam bo’ladi. Ko’pincha, boshqa variantlar mavjud bo’lsa-da, qavatli xamirdan foydalaniladi. Odatda korjlar muzday suv yoki sut, sariyog’ yoki yuqori sifatli margarin, tuz, korjlarni qavatli chiqarish uchun sirka va elab olingan yuqori navli undan tayyorlanadi. Ba’zan xamirga smetana, sut, tuxum, aroq, pivo va pishloq qo’shiladi. Tayyor xamirdan 1-2 mm qalinlikda yoyilgan korjlar kesib olinadi va 200° C haroratda qizdirilgan gaz pechida 8-15 daqiqa davomida pishiriladi. Eng muhimi – korjlar sinmasligi uchun, ularni pishgandan so’ng kesa ko’rmang.  Tayyor va krem bilan qoplangan tortni ehtiyotkotlik bilan chiroyli tekislang.


“Napoleon” uchun kerakli kremi tayyorlash haqida gapiraylik. Tort uchun ko’pincha qaynatma, smetanali, qaymoqli va sariyog’li krem tayyorlanadi, xoxishga ko’ra ba’zan shokolad ham qo’shiladi. Krem surilganidan so’ng, singishi uchun tayyor tortni 10 va undan ko’proq soatga tindirishga qo’yiladi. Tayyor bo’lgan shirinlikni xoxishga ko’ra istalgan yong’oq turi bilan bezatish mumkin-bunda Napoleon yana ham mazaliroq bo’ladi.


UY SHAROITIDA “NAPOLEON” TORTI: BIR NECHA SIRLAR

Xamirga juda ko’p un qo’shmang – u faqatgina yaxshi yoyilsa bo’lgani. Juda qattiq xamir korjlarni quruq va sinuvchan qiladi- tort esa yumshoq bo’lib singimaydi. Korjlar qancha yupqa yoyilsa shuncha yaxshi. Krem esa qancha ko’p bo’lsa tort yanada mazali bo’ladi.


Yog’li sariyog’ yoki margarin olib, xamir qorishdan avval uni albatta yaxshilab sovuting. Lekin sariyog’ muzlab qolmasligi lozim, aks holda korjlarni yoyib bo’lmaydi, ular yirtilib ketadi.


“Napoleon” korjlari ancha shishadi, shuning uchun ularni vilka bilan pishirishdan oldin teshib chiqamiz, shunda ular mukammal tarzda tekis chiqadi. Agar tortingiz yumshoq va suvli chiqishini xohlasangiz kremni korjlar tayyor bo’lgan zahotiyoq suring, agarda qisirloq (хрустящий) tortni ma’qul ko’rsangiz kremni korjlar sovugandan so’ng suring.


“NAPOLEON” TORTI: BOSQICHMA-BOSQICH RETSEPT

Ushbu tortni tayyorlash qiyin emas, lekin sizning yaqinlaringiz qanchalik xursand bo’ladilar! Shunday qilib, sizga quyidagi mahsulotlar kerak bo’ladi:


Xamir uchun:


suv – 160 ml;

elangan yuqori navli un – 400 g;

sariyog’ yoki margarin – 260 g;

tuz – 1/4 choy qoshiq;

sirka – 15 ml.

Krem uchun:


shakar – 300 g;

sut – 700 ml;

sariyog’ – 200 g;

tuxum – 2 ta;

kraxmal – 20 g;

ta’bga ko’ra vanilin.

Tayyorlash usuli:


Tuz, un va sariyog’ni  chuqur idishga solib uvoq holiga keltiring.

Muzli suvni sirka bilan aralashtiring.

Suvli aralashmani sariyog’li uvoqqa to’xtovsiz aralashtirgan holda soling.

Tez xamir qoring.

Xamirni 10 yoki undan ortiq bir xil bo’laklarga bo’ling (bu sizning tortingiz qanchalik katta kichik ekanligiga  bog’liq).

Zuvalachalar yasab, ularni bir soatga muzlatgichga qo’ying.

Stolga pishirish qog’ozi yoki pergament parchasi qo’ying, uni yog’ bilan yog’lang va har bir zuvalani yoying.

Idishning qopqog’i yoki biron bir tarelka yordamida tekis qilib kesib oling. Qolgan xamirni keyingi zuvalachalarga qo’shsangiz bo’ladi.

Korj yuzasini vilka bilan bir nechta joyida teshiklar qiling.

Korjlarni 200 ° C haroratda 7-10 daqiqa davomida pishiring.

Kremini tayyorlash bosqichlari:


Krem uchun kraxmal, vanilin va shakarni chuqur kastryulyaga solib aralashtiring.

Tuxumni ham o’sha kastryulyaga solib yaxshilab ko’pirtiring.

Ushbu aralashmaga sutni soling.

Idishni olovga qo’yib tinimsiz, krem yuzida pufaklar paydo bo’lguncha aralashtiring.

Sovutilgan kremga sariyog’ni qo’shing.

Kremni yaxshilab ko’pirtirib oling.

Tayyor krem bilan har bir korjni surib tort holatiga keltiring va bitta korjni urvoqlab tort ustini bezatish uchun qoldiring.

Tortni 2 soatga krem singishi uchun qoldiring.

Krem yordamida tort yonlarini surib tekislab oling va qolgan bitta korjni urvoqlab tort usti va yonlariga sepib chiqing.

Tayyor Napoleon tortini 10 soat davomida muzlatgichda qoldiring.

Napoleon torti tayyor.