Dimlama uchun qo’y go’shti bo’lishi kerak, ba’zan yoshroq mol go’shtidan tayyorlanadi. Go’shtni son va qovurg’a qismlaridan olib kabobga mo’ljallab to’g’taysiz, quvurg’alarni kalta-kalta — bosh barmoq uzunligida choping, tuz, zira va kachnich urug’I sepib aralashtirib qo’ying. Dumba va charvi yog’idan olib qalinligini — 2 sm, kengligi ( eni va bo’yi) ni gugurt qutisi uzunligidek va undan kattaroq qilib kesing. Piyozni odatdadek halqa-halqa qilib to’g’raysiz. Qozonni qizdirib tubiga haligi yapaloq qilib kesilgan yog’ni bitta-bittalab solsangiz jiz etib yopishib qola qoladi. Buning ustiga piyozni solasiz. Piyozning ustiga ziralangan go’shtni qavatlab solib , bir piyola suv sevalaysiz-da, bug’ chiqib ketmaydigan qilib qopqog’ini yopasiz. Tog’oracha yoki lagan yopib, atrofiga sochiq qistirsangiz ham bo’ladi. Olovni sust berib 45-50 minut davomida dimlaysiz, sira ochmaysiz. Tayyor taomni laganga yoki alohida likopchalarga solib yuziga qirqilgan oshko’klardan sepib dasturxonga keltirasiz. Alohida idishda yangi sabzavotlar (bodring, pomidor, turp yoki rediskadan) beriladi. Masalliq: 1 kg go’sht, 250 gr yog’, 4 — 5 bosh piyoz, 1 choy qoshig’ida zira, 1 choy qoshig’ida kashnich urug’i, tuz ta’bga ko’ra olinadi. Yuziga sepish uchun 1 — 2 bog’ ko’k piyoz, kashnich yoki ukropdan biri kerak bo’ladi.
Qiyma dimlama
Bu taom yog’sizroq qo’y yo mol go’shtining son qismidan tayyorlanadi. Buning uchun go’shtni yo chumchuq tili ‘ qilib to’g’rash, yoki qiymalash zarur. Qiymaga tuz, zira va murch sepib, 1/3 nisbatida olingan piyozni mayin to’g’rab mijiysiz va olib qo’ya turasiz. Sarimsoq piyozning uzun — uzun tanasidan olib, yaxshi yuvib, uzunligi 4 — 5 sm keladigan qilib qirqing. Tovada yo qozonda yog’ni dog’lab qiymani solib, kavlab- kavlab, chala qovuring, ustidan bir piyola suv sevalab, sarimsoq tanasini solib aralashtirib dimlab qo’ying. Olovini darhol pasaytiring, 40 minutchadan so’ng taom tayyor bo’ladi. Likopchalarga taqsimlab dasturxonga tortasiz. Alohida idishda sabzavot garniri yoki salat berasiz, shishachada uzum sirkasi ham qo’yiladi. Masalliq:1 kg lahim go’sht, 300 gr (4 — 5 dona piyoz), 150 gr qo’y yog’i, 4 bog’ sarimsoq tanasi, 1 choy qoshig’ida zira , tuz esa ta’bga ko’ra olinadi.
Ajabsanda
Bu taom bug’da pishiriladi. Buning uchun katta va kichik hajmli ikkita idish (qozon yoki kastryulka) kerak. Kartoshkani archib kubik (1 sm3) shaklida to’g’rang, sabzini xuddi palovga to’g’ragandek somoncha usulida, pomidorni tilik -tilik yoki parrak — parrak qilib , piyozni halqa-halqa qilib to’g’raysiz, sarimsoqni esa donalarga ajratasiz. Go’sht bilan yog’ bosh barmoqning birinchi bo’g’ini kattaligida lo’da -lo’nda qilib kesiladi. Achchiq va chuchuk qalampirlardan mayda to’g’rab, qirqilgan kashnich bilan ukropga aralashtirib qo’yasiz. Endi kichik idishning ichiga bir qatlam qilib kartoshkani soling, buning o’ziga loyiq tuz va murch hamda maydalab qo’yilgan osh ko’klardan seping. Ikkinchi qatlam qilib sabzini soling, buni ham tuz — namagini rostlang, uchunchi qatlamiga pomidor bo’laklarini solasiz-da, haligi oshko’klardan hamdatuz sepasiz, to’rtinchi qatlamida piyoz, beshinchi qatlamida sarimsoq, oltinchi qatlamida esa go’sht bilan yog’ bo’ladi. Kichik idishni katta idish ichiga o’rnatasiz, idishlar oralig’idagi bo’shliqqa suv quyasiz. Taom shu suvning bug’ida pishadi. Suvni kichik idishlardan ancha pastroq sathda qo’ying , toki sharaqlab qaynaganda masalliq ichiga tushmasin. Kichik idishning og’zi ochiq, katta idishning qopqog’ini jips yopib olovga qo’yasiz. Idish doim yopiq turgani uchun ba’zi darmon — dorilar va ifori moylar uchib ketib, g’oyib bo’lmaydi, shu sababli ham taom g’oyat totli va foydali bo’ladi. Pishish muddati 2 soat. Agar suvi kamayib qolganini sezsangiz, bemalol ochib oraliqqa qaynoq suvdan quyib qo’ying. Ajabsanda qancha uzoq qaynasa (masalan 5 soatcha) shuncha lazzatli bo’laveradi. Bu tansiq taom sizning ko’p vaqtingizni olmaydi, faqat masalliqlarni to’g’rab solib qo’ysangiz bas, o’zi pishaveradi, siz boshqa ishingiz bilan mashg’ul bo’laverishingiz mumkin. Ba’zan kutayotgan mehmoningiz hadeganda kelavermasa ham tashvishlanmaysiz, taom qancha uzoq olovda tursa uning lazzati shuncha yaxshilanaveradi. Tayyor taom kosalarga suzib dasturxonga tortiladi, solingan masalliqlardan har portsiya ichiga tushihsiga harakat qiling. Ajabsanda tayyorlashning ikkinchi usuli. Barcha sabzavotlar, go’sht va yog’ xuddi yuqorida aytib o’tilgandek qilib to’g’rab tayyorlanadi. Biroq hamma masalliqni bir idishga emas , balki mehmonlarning soniga qarab bittadan kosaga qavatlab joylanadi va buni kosasi bilan kattaroq manti qasqon lippaklariga qo’yib pishiriladi. Dasturxonga shu kosaning o’zida ostiga likop qo’yib tortiladi. Masalliq:2 — 3 dona kartoshka, 2 — 3 dona sabzi, 3 — 4 dona pomidor, 2-3 bosh piyoz , 2 dona chuchuk garmdori, 1 qo’zoq achchiq va shuncha chuchuk qalampir , 1 bosh sarimsoq, 1 bog’ kashnich, 1 bog’ ukrop, 500 gr go’sht, 200 gr qo’y yog’i, zira va tuz ta’bga ko’ra olinadi.
Pomidor dimlama
Qizarib pishgan pomidorlarning bir xil tuxum kattalikdagilarini tanlab olasiz, sovuq suvda chayqab yuborgach, bandini kesib olib qo’yasiz.Yog’liroq go’shtni barmoq kattaligida qilib to’g’rang, suyaklarini ham mayda choping. Piyozni va bulg’or garmdorisini esa halqa-halqa qilib to’g’raysiz . Qozonni quruq qizdirib , tubiga to’g’ralgan yog’ni , yog’ ustiga go’shtni solib, tuz va zira sepasiz , uning ustidan esa piyoz bilan garmdorini solasiz , eng tepasiga kesilgan tomonini pastga qilib pomidorlarni terib chiqasiz. Masalliq ustiga lagan yopib , olovni pastlatib 1 soat davomida dimlab pishirasiz. Dasturxonga tortishda laganga suzib, yuziga qirqilgan oshko’k sepasiz. Masalliq: 2 kg o’rtacha kattakdagi pomidor, 700 gr go’sht va 300 gr yog’ (dumba, charvi), 4-5 bosh piyoz, 3-4 dona bulg’or garmdorisi , 1 qo’zoq achchiq qalampir, 2 choy qoshiqda zira, ta’bga ko’ra tuz va yuziga sepish uchun 1 — 2 bog’ oshko’k (kashnich, ukrop, ko’kpiyoz) kerak bo’ladi.
Sabzavot bilan meva dimlamasi
Qozonda qo’y yog’ini eritib, jizzasini olib, piyoz solib jazlaysiz, olovni pastlatib bir qator somoncha usulida to’g’ralgan sabzi soling, keyin parrak- parrak qilib to’g’ralgan pomidor , ustidan kubik shaklida kesilgan kartoshka solasiz. Hamma qatlamlariga to’g’ralgan bulg’or garmdorisi, kashnich, jambil qo’shib, tuz va murch seping. Navbatdagi qatlamiga tililab to’g’ralgan behi bilan nordon olma soling. Qozondagi masalliqni yuzi bilan barobar keladigan suv quyib lagan bostirasiz, olovni pastlatib, 1 soat davomida pishirasiz. Tayyor taomni dasturxonga tortishda aralashtirib laganga solasiz, yuziga qirqilgan ukrop sepasiz. Masalliq:500 gr qo’y yog’i, 500 gr sabzi, 500 gr piyoz, 500 gr pomidor, 3-4 dona chuchuk qalampir , 2 bosh sarimsoq, 2 bog’ kashnich, 1 bog’ ukrop, 500 gr kartoshka, 2 dona behi , 4 dona olma, tuz va murch ta’bga ko’ra solinadi.
Behi dimlamasi
Tuklari qo’l bilan artilgan nordon behini ikki pallaga ajratib , urug’lari olib tashlangandan so’ng eni 1 sm keladigan tiliklarga bo’lib chiqasiz va qaynoq suvga botirib qo’yasiz. Go’sht — yog’ni barmoq kattaligida, piyozni esa halqa — halqa to’g’raysiz har uchala masalliqni birlashtirib yuziga tuz va zira sepib aralashtirasiz. So’ngra qozongami, kastryulkagami solib, ustiga likopcha va yuk bostirib masalliqning yuzi bilan barobar suv quyib sust olovga qo’yasiz-da qaynab chiqqandan etiboran 40 minut davomida dimlab pishirasiz. Dasturxonga tortishda chovlida suzib laganga solasiz sardagi alohida piyolalarga uzatiladi . Yuziga qirqilgan kashnich sepsangiz ham bo’ladi. Masalliq:1 kg nordon behi , 500 gr qo’y go’shti, 200 gr dumba yog’I yoki charvi, 2 bosh piyoz, 1 chor qoshig’ida tuz, shuncha murch va shuncha zira. Yuziga sepish uchun yarim bog’ kashnich kerak bo’ladi.
Sholg`om dimlama
Sholg’omni archib qayroqcha shaklida to’g’raysiz, go’sht bilan yog’ni ham shu tahlit, piyozni ham odatdagidek halqa — halqa to’g’rang. Barcha masalliqni bir idishga solib tuz, zira va murch sepib aralashtirganingizdan keyin kastryulka yoki qozonga solib betiga likopcha yopib, yuk bostirasiz — da , masalliqnin yuzi bilan barobar suv quyib olovga qo’yasiz. Qaynab chiqqandan e’tiboran 1 soat davomida mildiratib pishirasiz. Tayyor taomni dasturxonga tortishda chovlida suzib , laganga yo likopchalarga solib keltirasiz, yuziga qirqilgan oshko’klardan seping. Sardagi alohida piyolalarga tarqatiladi. Masalliq:500 gr go’sht, 250 gr dumba (charvi ), 1 kg sholg’om, 2 — 3 bosh piyoz, ta’bga ko’ra tuz, murch bilan zira 1 choy qosig’ida, yuziga sepish uchun esa yarim bog’ kashnich yoki ukrop kerak bo’ladi.
Turp dimlama
Turpning Marg’ilon , Oltiariq navlaridan olib po’stini sal qalinroq archasiz. Po’chig’i bilan karsillama etini ajratib turadigan to’q yashil chizig’i bo’ladi xuddi ana shu chizig’I bo’ylab archasiz. Buni sholg’om dimlamaga (yuqoridagi retsepga qarang) to’g’raganday qayroqcha usulida qirqib chiqasiz. Go’sht bilan yog’ chimchilloq kattalikda uzunchoq qilib, piyoz esa halqa — halqa qilib to’g’raladi. Hamma masalliqni tuz va zira, murch sepib aralashtirib , kastryulkaga solasiz, yuziga likop to’ntarib yuk bostirasiz va ko’mib turarli darajada suv quyib, sust olovda mildiratib, bir soat davomida pishirasiz. Tayyor bo’lgach , chovlida suzib olib , laganga yoki likopchalarga solib dasturxonga tortiladi, yuziga qirqilgan oshko’k seping. Sardagi alohida idishda tortiladi. Masalliq: 1kg turp, 500 gr go’sht, 250 gr qo’y yog’i (charvi, dumba), 2 — 3 bosh piyoz, ta’bga ko’ra tuz, zira bilan murch yarim choy qoshig’ida , yarim bog’lam kashnich yuziga sepish uchun qirqiladi.